Avvalroq prezidentning “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Farmon bilan, O‘zbekistonda ish beruvchilar va yollanma ishchilar o‘rtasidagi jarayonni raqamlashtirish uchun Mening ishim platformasi ishga tushiriladi.

Platforma orqali yollanma ishchilarning taklifiga muvofiq xo‘jalik yurituvchilar hamda jismoniy shaxslar tomonidan ularni ishga yollash imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, ishchilarning kasb va malaka sertifikatlari, ish tajribasi hamda malakasini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rish imkoniyati yaratiladi. Ish beruvchi va ishchilar o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish mexanizmi joriy etiladi.

Platforma 2026-yilning iyunigacha ishga tushirilishi belgilangan. Bunga masʼul sifatida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Markaziy bank hamda Soliq qo‘mitasi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, Bandlik vazirligi platformani yaratish, ishga tushirish va saqlash yuzasidan YMMT (Yagona milliy mehnat tizimi) bilan shartnoma tuzishi kerak bo‘ladi.

Spot, 2021-yilning aprelida “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydoni ishga tushirilishi haqida yozgan edi. Vaqtincha bir martalik ishlar to‘g‘risidagi kunlik ma’lumotlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) to‘g‘risidagi e’lonlar “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn maydoni orqali bepul taqdim etib borilishi aytilgandi.

Avvalroq O‘zbekistonda norasmiy bandlikka yo‘l qo‘ygan ish beruvchilarga nisbatan javobgarlik kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi. Jumladan, birinchi marta sodir etilgan qoidabuzarlik uchun BHMning 30 baravari (12,36 mln so‘m), takroran sodir etilganda esa 100 BHM (41,2 mln so‘m) miqdorida jarima belgilanadi.