“Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydoni ishga tushiriladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar beradi.

Maydon Prezidentning yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat dasturi asosida tashkil etilmoqda. Qarorga ko‘ra, vaqtincha, mavsumiy va bir martalik ishlarda band bo‘lgan fuqarolarning mehnat faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha yangi tizim yaratiladi.

Jumladan, “barcha uchun ish” tamoyili asosida “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydoni ishga tushiriladi.

Unda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • ishsizlar, ayniqsa, ayollar, yoshlar, talabalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ishlar, masofadan turib bajariladigan ishlar, uyda bajariladigan ishlar, kasanachilik ishlari, frilanserlik faoliyati, ish grafiklari, talab etiladigan malaka darajasi, ish haqi miqdori va boshqalarni aks ettirish;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) hamda ularga ehtiyoji bor bo‘lgan ish beruvchilar to‘g‘risida ma’lumotlarni olish;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari)ni reklama qilish;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va ularning xizmatiga ehtiyoji bor ish beruvchilar o‘rtasida kunlik va uzoq muddatli oferta shartnomasi tuzish.

Vaqtincha bir martalik ishlar to‘g‘risidagi kunlik ma’lumotlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) to‘g‘risidagi e’lonlar “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn maydoni orqali bepul taqdim etib boriladi.

2021-yil 1-iyulgacha yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha hisobotlarni yuritish, ularni real vaqt rejimida Davlat soliq qo‘mitasining yagona integratsiyalashgan axborot resurs bazasi bilan monitoring qilishga mo‘ljallangan elektron dastur ishlab chiqiladi.