Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi NASAning tungi yorug‘lik (NTL — Nighttime Lights) ma’lumotlari asosida birinchi marta O‘zbekiston hududlarining iqtisodiy faolligini baholadi. (nusxasi Spot’da mavjud).
Sun’iy intellekt texnologiyalari asosida amalga oshirilgan tahlilda bu yondashuv xalqaro amaliyotda farovonlik darajasini baholash hamda mahalliy rivojlanishni aniq va mustaqil tarzda o‘lchashning tezkor vazifasi sifatida qo‘llanilishi qayd etilgan. Natijalar sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va rasmiy statistika o‘rtasida yuqori darajada moslik mavjudligini tasdiqlaydi.
Xususan, 2020−2024 yillar davrida NTL ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YHM 63,5% ga o‘sib, $2 011 dan $3 287 ga yetgan. Bu ko‘rsatkich rasmiy statistikada qayd etilgan 59,4% lik o‘sish bilan deyarli bir xildir.
Eng katta o‘sish Toshkent shahrida qayd etildi — o‘tgan besh yilda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YHM $3,2 mingga oshib, $7,2 mingga yetgan.
Poytaxtning ayrim hududlarida, jumladan, Mirobod, Yakkasaroy va Yunusobod tumanlarida bu ko‘rsatkich $9 mingdan oshgan bo‘lib, mamlakatdagi yirik shaharlar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan deyarli 2 barobar yuqoridir.
2024-yilda shaharlar kesimida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YHMning eng yuqori ko‘rsatkichlari Navoiy ($8,3 ming), Zarafshon ($6,8 ming), Samarqand ($5,7 ming), Qo‘qon ($5,6 ming), Andijon ($5,1 ming), Yangiyol ($5 ming) va Qarshi ($4,8 ming) shaharlarida qayd etildi.
Shuningdek, Termiz ($4,5 ming), Urganch, Marg‘ilon, Kattaqo‘rg‘on (har biri $4,3 mingdan) va Chirchiq ($4 ming) kabi kichik va o‘rta shaharlarda ham yuqori iqtisodiy faollik kuzatilmoqda.
Tahlillar Navoiy ($1,5 ming), Namangan ($1,4 ming), Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida ham iqtisodiy faollikning sezilarli o‘sishini ko‘rsatdi. Shuningdek, Zarafshon, Qarshi, Chirchiq, Marg‘ilon va Termez kabi kichik va o‘rta shaharlarda ham yuqori darajadagi iqtisodiy faollik qayd etildi.
Shu bilan birga, tungi yorug‘lik ma’lumotlaridan foydalanish orqali tumanlar kesimida urbanizatsiya darajasi ham baholandi. O‘tgan besh yilda shahar aglomeratsiyalariga xos bo‘lgan tungi yorug‘lik darajasi (NTL ko‘rsatkichi 10 dan baland) yuqori bo‘lgan hududlar soni 21 tadan 26 tagacha oshdi.
O‘z navbatida, kam yorug‘likka ega bo‘lgan qishloq tumanlari soni 129 tadan 102 taga kamaydi. Shu tariqa, 27 ta tumanda shahar tipidagi rivojlanish yo‘nalishiga o‘tish kuzatilmoqda.
O‘zbekistonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar darajasi hanuzgacha o‘rtacha miqyosda saqlanayotganiga qaramay, so‘nggi yillarda shaharlarning barqaror rivojlanishi va ishbilarmonlik faolligining ortishi kuzatilmoqda.
Avvalroq Spot olti oyda O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 265 trln so‘mdan ortiqni tashkil etgani haqida yozgandi. Shundan 75% dan ortig‘i — 201,28 trln so‘mi norasmiy iqtisodiyot hissasiga to‘g‘ri keladi. Tarmoqlar tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi yetakchilik qilmoqda.