Avvalroq Spot 8-avgust kuni Shavkat Mirziyoyevga Toshkent shahrida energetika tizimi barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot berilgani haqida yozgandi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, kechagi yig‘ilishda Toshkentning barqaror energiya ta’minoti, yozgi “kamchiliklar” va ulardan olingan “saboqlar” tahlili, isitish mavsumiga tayyorgarlik va poytaxtni elektr energiyasi bilan ta’minlash rejalari muhokama qilingan.
Aholi va tadbirkorlarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash uchun prezident mas’ullarni belgilab, qo‘shimcha mablag‘ ajratdi. Ishlarni hozirdan boshlab, tez va sifatli bajarish, sohani to‘liq raqamlashtirish, xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish, elektron platforma yaratib, prokuror nazoratini o‘rnatish, korrupsiyaga chek qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
“Joriy yilgi tajriba shuni ko‘rsatdiki, mahallalarda yuqori kuchlanishli tarmoqlar tortilmasa, avariyalar soni ko‘payib, ularning kelib chiqish xavfi ortadi. Toshkent shahrining har bir tumani kesimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, ularning hajmi va mas’ul ijrochilar belgilandi. Bu maqsadlar uchun qariyb 1,8 trln so‘m ajratildi”, — dedi u.
Energetika vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mablag‘lar “qizil” toifaga kiritilgan 14 ta yuqori kuchlanishli podstansiyadagi yuqori kuchlanishli transformatorlarni almashtirish, uskunalarni yangilash va kabellarni yotqizishga yo‘naltiriladi.
Jo‘rabek Mirzamahmudov elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qoplash uchun joriy generatsiya yetarli ekanini ta’kidladi. Biroq, energiyani tejash va akkumulyator batareyalarini qurish masalasi yuzaga keladi.
Shu bois Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, jumladan, yirik elektr iste’molchilari kesimida energiya saqlash tizimlari qurilishini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Bundan tashqari, Energetika vazirligiga mutasaddi idoralar va Oliy Majlis bilan birgalikda yangi texnologiyalarni joriy etish uchun energetika sohasiga oid qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni tezlashtirish topshirildi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yirik AES qurish loyihasi doirasida o‘rganish ishlari boshlangani haqida yozgandi.
Agentlik direktori Azim Axmedxo‘jayev mamlakat energiya tizimiga yirik AESni “qisqa vaqt ichida” qo‘shish uchun barcha imkoniyatlar o‘rganilishini qayd etdi.