O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar 12−13-avgust kunlari o‘tkaziladi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi xabar berdi.

Imtihon talabalar o‘qishini xorijiy davlatlardagi, shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining alohida iqtidor talab etadigan yo‘nalishlariga ko‘chirish bo‘yicha taalluqli hisoblanadi.

Talabgorlar imtihonda ishtirok etish uchun ruxsatnomani Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabinetidan olishlari mumkin.

Unda kasbiy (ijodiy) va test sinovi imtihonlarining o‘tkazilish joyi, sanasi hamda vaqti haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan.

Talabgorlar test sinovi o‘tkaziladigan binoga ruxsatnomada belgilangan vaqtdan kechikmasdan, pasport (ID-karta) va ruxsatnoma bilan kelishlari lozim.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlarda qatnashgan talabgorlar, majburiy fanlar (ona tili, matematika, tarix)dan o‘tkaziladigan test sinovlarida ham ishtirok etishlari shart. Aks holda, ularning kasbiy (ijodiy) imtihonda olgan ballari inobatga olinmaydi.

Davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirish uchun onlayn ariza yuborish 15-iyuldan boshlangan edi.

2025/2026-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalar quyidagi elektron tizimlar orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi:

  • 2 ta uzrli sababga ko‘ra mamlakatning bir davlat oliy ta’lim muassasasidan boshqa oliy ta’lim muassasasiga yoki bir oliy ta’lim muassasasi doirasida — transfer.edu.uz sayti orqali;
  • xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga — my.uzbmb.uz sayti orqali.

O‘tgan yili o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha 43 mingdan ortiq talabgorga imtihonga ruxsat etildi. Shundan 76%i mamlakatdagi nodavlat OTMlaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat olgan.