Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan Voris Tour‘ga nisbatan Umra tadbirini litsenziyasiz tashkil etgani uchun jarima qo‘llanildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu turdagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari — 82,4 mln so‘m etib belgilangan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ziyoratchilarga ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishni tavsiya etdi.

Joriy yilda yana 2 ta kompaniyaga Umra ziyoratini tashkil etish uchun litsenziya berildi. Natijada Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar soni 14 taga yetdi. Ularning ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.

May oyida litsenziyasiz Umra tadbirlarini tashkil etgan 4 ta turoperator jarimaga tortilgani ma’lum qilingandi. Noqonuniy reklama joylashtirgan 11 ta Telegram-kanal ma’murlariga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilandi. Iyul oyida Farg‘onada noqonuniy Umra reklamasi uchun uchta Telegram-kanal ma’murlariga ish qo‘zg‘atildi.

O‘zbekistonda Umra tadbirlarini tashkil etish

2024-yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.

Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.

Undan keyin, 12-oktabrga kelib, hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerakligi belgilandi.

15-oktabr kuni qo‘mita yangi talablar asosida litsenziya olish uchun arizalar qabulini e’lon qildi. Noyabr oyida, tanlov natijasida “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi.

Spot litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.

Avvalroq O‘zbekistonda Umra safarlarini noqonuniy tashkil etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida “Sirli mijoz” yashirin nazorat tadbirlari amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.