2025-yil iyul oyida O‘zbekiston avtomobil bozorida savdolar sezilarli darajada oshgan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan.
Sotilgan avtotransport vositalari hajmi 116,8 ming dona bo‘lib, bu joriy yil iyun oyiga nisbatan 27% ga ko‘p va 2024-yil yanvaridan beri (144,5 ming dona) eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Bunday dinamika mavsumiy pasayish davridan keyin bozor faolligining tiklanishini ko‘rsatadi.
Yengil avtomobillar segmentida iyul oyida savdo hajmi sezilarli darajada oshdi. Bu holat iste’molchilar faolligining tiklanishi va talabning hududlar bo‘yicha diversifikatsiyalanganini ko‘rsatadi. Yengil avtomobillarning umumiy savdosi deyarli 100 ming donani tashkil etdi, bu o‘tgan oyga nisbatan 25% ga ko‘p.
Eng yuqori ijobiy dinamika Toshkent (o‘sish 51%), Namangan (49%) va Xorazm (40%) viloyatlarida qayd etildi.
Taqqoslash uchun, iyun oyida yengil avtomobillar savdosi hajmi 3% ga oshgan bo‘lsa, iyuldagi o‘sish sur’atlari sezilarli tezlashganini ko‘rsatmoqda.
Birlamchi avtomobil bozori
Iyul oyida yangi yengil avtomobillar segmentida faollik sezilarli oshdi. Yengil avtomobillar umumiy savdosi iyun oyiga nisbatan 38,2% ga ko‘payib, 38,4 ming dona bo‘ldi.
Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar yetakchi pozitsiyani saqlab qoldi va 38,6% o‘sish bilan 32,9 ming dona sotuv hajmiga erishdi.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi ham ijobiy dinamikani ko‘rsatib, 5,4 ming donani tashkil etdi, bu iyun oyidagi ko‘rsatkichdan 35,8% ga yuqori.
Ikkilamchi avtomobil bozori
Iyul oyida yengil avtomobillar bozorining ikkilamchi segmenti faollikning sezilarli oshishini ko‘rsatdi. Savdo hajmi 61,5 ming donani tashkil etdi, bu iyun oyiga nisbatan 18% ga ko‘pdir.
Taqqoslash uchun, iyun oyida savdo hajmi may oyiga nisbatan 0,4% ga kam bo‘lgan. Shu bois, iyul oyidagi keskin o‘sish ushbu segmentda umumiy faollashuvni aks ettiradi.
Elektromobillar bozori
Iyun oyida yengil elektromobillar savdosining o‘sish sur’ati may oyiga nisbatan 1,7%ga pasaygan bo‘lsa, iyul oyida bozor tez sur’atlarda o‘sishni ko‘rsatdi.
Savdo hajmi rekord darajadagi 6,5 ming donani tashkil etdi, bu avvalgi oyga nisbatan 28,2% ga ko‘pdir.