Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid taqdimot bilan tanishgani haqida yozgandi.

2026-yildan boshlab, yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1% (hozirda 4%) miqdorida belgilanadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarda elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi maxsus QR-kod mavjud bo‘lishi chakana savdo qoidalarining majburiy talabi etib belgilanadi.

Shuningdek, raqamli platformadagi pul aylanmalari to‘g‘risidagi ma’lumot kredit ajratishda inobatga olinadi.

Prezident bu takliflarni ma’qullab, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

2024-yil noyabr oyida YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan tadbirkorlik qilganlik uchun jarima bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.

Tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar Yagona davlat nazorati tizimi orqali xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.

Shuningdek, raqamli markirovkalash qoidalarini hamda fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish, xodimlar sonini yashirish uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi.

Nizolar hal qilinishini yengillishtirish maqsadida 2025-yilning 1-martidan sudda ish yuritish taraflar kelishuvi bilan tugatilganda davlat bojining bir qismini qaytarib berish tartibi joriy etilishi belgilangan edi.