AQShlik erkak ChatGPT maslahatiga ko‘ra uch oy davomida tuz o‘rniga bromid iste’mol qilgani va psixozga olib kelgan zaharlanishdan so‘ng majburiy davolanish uchun ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Bu haqda Annals of Internal Medicine jurnalida chop etilgan maqolada aytiladi.
Bemor paranoya va gallyutsinatsiyalar bilan kasalxonaga keldi, shuningdek, u suv ichishdan bosh tortayotgan edi. Erkak qo‘shnisi uni zaharlagan deb o‘ylayotgandi. Shifokorlar uni tekshirib, tezda bromid bilan zaharlanganini aniqladilar va majburiy davolanish uchun ruhiy kasalliklar bo‘limiga yotqizdilar.
Erkakning aytishicha, u tuz iste’molini kamaytirmoqchi bo‘lgan va ChatGPT maslahati bilan uni internetdan sotib olingan bromidga almashtirgan.
Shifokorlar ChatGPT’ni tekshirib, sun’iy intellekt xavf haqida ogohlantirishsiz bunday almashtirishni tavsiya qilishi mumkinligini tasdiqladilar. Bemor sog‘ayib, uch haftadan so‘ng shifoxonadan chiqarildi.
Vashington universiteti shifokorlarining ta’kidlashicha, bromid ilgari tibbiyotda ishlatilgan, biroq keyinchalik uzoq muddat qo‘llanilganda zaharli ta’sir ko‘rsatgani sababli undan voz kechilgan. Hozirgi kunda bu modda faqat ayrim veterinariya dori vositalari va qo‘shimchalarida uchraydi.
So‘nggi yillarda ChatGPT ba’zi foydalanuvchilarni aqldan ozdiruvchi yolg‘on va bema’ni fikrlarni ayta boshladi, deb xabar bergan edi The Wall Street Journal (WSJ).
Sun’iy intellekt begona sayyoraliklar bilan aloqa o‘rnatilgani va kelajakda apokalipsis bo‘lishi haqida gapirgan. Shifokorlar buni “sun'iy intellekt psixozi” deb atashdi, chunki bu holat foydalanuvchilarning xato tushunchalari va xayoliy tasavvurlarini kuchaytiradi.
Ayrim odamlar chat-botning maslahatlari bilan katta miqdorda pul sarflagan yoki yaqinlari bilan munosabatlarini uzgan. OpenAI bu muammoni tan oldi va neyron tarmoqlarga muhim shaxsiy masalalar bo‘yicha maslahat berishni taqiqlashga va’da berdi.
Avvalroq Spot ChatGPT endi o‘zi u bilan muloqotni to‘xtatishni so‘rayotgani haqida yozgandi.
Endi chat-bot foydalanuvchiga suhbat “cho‘zilganini” va tanaffus qilish vaqti kelganini eslatadi. Suhbat juda uzoq davom etsa yoki boshqa joyga burilib ketsa, chat-bot pauza so‘rashi mumkin.
Shuningdek, u nozik mavzular va hissiy holatlarda ishlashdan voz kechib, foydalanuvchiga “yaxshi” va “yomon” tomonlarni tahlil qilishni yoki mutaxassisga murojaat qilishni maslahat beradi.
Bundan tashqari, OpenAI ChatGPT’ni foydalanuvchidagi stress va depressiya alomatlarini aniqlashga moslashtirgani haqida ma’lum qilmoqda.