Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shaffof tadbirkorlik muhitini yanada shakllantirish va naqd pulsiz hisob-kitoblar uchun imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida bir qator yangi chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan muddatga alohida huquqiy rejim joriy etiladi.

Ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan tortib hisobotni topshirishgacha bo‘lgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan raqamli platformalar yaratiladi.

Jumladan, faoliyatni rasmiylashtirish, bank hisobvaraqlari ochish va boshqarish, soliqlarni hisoblash va to‘lash, hisob-kitoblar qilish va fiskal cheklarni shakllantirish ushbu raqamli platformalar orqali yuritiladi.

Bu tizimda elektron hamyon ochilishi tadbirkorlarga daromadlarni qabul qilish, xodimlar, kontragentlar va tashkilotlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash imkoniyatini beradi. Elektron hamyonga ega bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun bank hisobvaraqlarini ochish ixtiyoriy bo‘ladi.

2025-yil 1-noyabrdan boshlab, bu jarayonlarda “QR-kod” va “tap to pay” texnologiyasidan foydalaniladi. Hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolash mumkin bo‘ladi.

Bu ma’lumotlar qog‘oz nusxadagi hujjatlar bilan tenglashtiriladi. “Kunlik to‘lov” tartibi tajriba tariqasida joriy etilib, xodimlarga to‘lovlarni elektron hamyon orqali to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Prezident bu takliflarni ma’qullab, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.