Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2025-yilning iyun-iyul oylaridagi yig‘ilishlarida 59 ta masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 37 ta masala ko‘rib chiqilgan. Jumladan:

  • kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (7 ta);
  • yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (5 ta);
  • kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (2 ta);
  • mikromoliya banki faoliyatini amalga oshirish uchun dastlabki ruxsat berish (1 ta);
  • banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (2 ta);
  • shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (20 ta).

Oxirgi ikki oyda 23 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.

Jarimalar Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya qilinishida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun qo‘llanilgan.

Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 22 ta masala ko‘rib chiqildi. Bular Markaziy bankning ko‘rsatmalarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari bilan bog‘liq.

Natijada 15 ta to‘lov tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi. Bunga to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdorini shakllantirish talabi bajarilmaganligi hamda aniqlangan kamchiliklar sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, Imkon Finans mikromoliya tashkilotida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun mazkur tashkilot mijozlarini moliyalashtirish bilan bog‘liq operatsiyalarining amalga oshirilishi uch oy muddatga cheklandi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda mikroqarzlar bo‘yicha stavkalar keskin ko‘tarilib, 36% dan oshgani haqida yozgandi. Bir vaqtning o‘zida to‘rtta bank 40%lik mikroqarz taklif qilmoqda. Bir yarim oy ichida fuqarolar uchun kreditlar qimmatlashdi, biznes uchun arzonlashdi.