O‘zbekistonda mikroqarzlar bo‘yicha stavkalar keskin oshib, 36% dan oshdi. Bu Markaziy bankning Spot o‘rgangan ma’lumotlaridan kelib chiqadi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 11-avgustga kelib, aholiga beriladigan kreditlar (mikroqarzlar bundan mustasno) bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 24,1%ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich regulyator shunday statistikani e’lon qilishni boshlagan iyul oyi boshidagiga nisbatan 0,4 foiz bandiga yuqoridir.
Shu bilan birga, yuridik shaxslarga beriladigan kreditlar sezilarli darajada arzonlashdi — 23% dan 22,2% gacha tushdi.
Mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 34,9% dan 36,3% ga (+1,4 foiz band) oshdi. Iyul oyiga nisbatan 40% va undan yuqori stavkada mikroqarz taklif etayotgan banklar soni 1 tadan 3 taga ko‘paygan.
TBC bank 41,9% (+2,8 foiz punkti) bilan yetakchilik qilmoqda, undan keyin Apex bank (40,8%, +0,8 foiz punkti) va Anor bank (40%, +1,5 foiz punkti) o‘rin egallagan.
Mikroqarzlar bo‘yicha eng past stavkalar Aloqabankda qayd etildi — 20,6% — bu bir oy oldingiga nisbatan 0,8 foiz punktga past. Shuningdek, beshlikka O‘zmillibank (26%, +0,1 f.p.), Orient Finans bank (26,6%, +0,6 f.p.), Turonbank (26,7%, -1,1 f.p.) va Infinbank (27%, +1,4 f.p.) kirdi.
Bundan tashqari, avtokreditlar stavkalari 24,1% dan 23,7% gacha pasaydi. Eng qimmat avtokreditlar Hamkorbank (28%), Infinbank (28%) va Madad Invest Bank (27,9%) tomonidan berilgan. Eng past foizlar Ipoteka-bankda (21,2%), Orient Finans bankda (21,8%) va Asia Alliance bankda (21,9%) qayd etilgan.
2-iyuldan boshlab Markaziy bank tajriba tariqasida banklar kesimida turli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilishni boshladi. Ma’lumotlar Markaziy bankning kredit axboroti davlat reyestri bazasi asosida shakllantiriladi.
“Fuqarolar turli banklar taklifini oson taqqoslab, o‘zlari uchun eng ma’qulini belgilay oladi. Bozordagi ma’lumotlarning noaniqligi kamayadi, shaffoflik oshadi, tanlov imkoniyatlari kengayadi”, — deya tushuntirdi regulyator.
Avvalroq Spot endi o‘z nomiga kredit rasmiylashtirishni Yagona portal orqali ham taqiqlash mumkinligi haqida yozgandi.
Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, bu orqali banklar va moliyaviy tashkilotlarning fuqarolarga kredit ajratishi cheklanadi.