Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov migrantlarni kuryerlik ishiga jalb qilishni cheklash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deya xabar berdi Sankt-Peterburg hukumati axborot boshqarmasi.

“Qaror yashirin bandlikka qarshi kurashish, kuryerlik sohasida xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish, shuningdek, Rossiya fuqarolari, birinchi navbatda, yoshlar va talabalar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan,” — deyiladi xabarda.

Yangi cheklovlar barcha turdagi transport vositalari orqali kuryerlik xizmatlarini, shu jumladan ovqatni uyga yetkazib berishni ham o‘z ichiga oladi va 2025-yil oxirigacha amal qiladi.

Ta’kidlanishicha, qabul qilingan qaror yashirin bandlikka qarshi kurashish, kuryerlik sohasidagi xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish, shuningdek, Rossiya fuqarolari, ayniqsa yoshlar va talabalar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan.

Shahar ma’muriyati xorijiy kuryerlar sohada band bo‘lganlarning juda oz qismini tashkil etishini ta’kidlab, bu chora yetkazib berish bozori barqarorligiga ta’sir ko‘rsatmasligini qo‘shimcha qildi.

“Biznesni yangi talablarga moslashtirishda kadrlar siyosatini o‘zgartirish uchun uch oylik o‘tish davri belgilangan”, deya qo‘shimcha qildi Sankt-Peterburg hukumati.

Bundan oldin esa, Sankt-Peterburgda migrantlarga taksichilik qilish taqiqlangan edi. Tashish xizmatlariga migrantlarni Rossiya fuqarolari bilan almashtirish uchun uch oy vaqt berildi.


Avvalroq Spot Rossiyada migrant haydovchilarni ishdan bo‘shatish taklif qilingani haqida yozgandi.

Mamlakatda yo‘lovchi tashish sohasida band bo‘lgan migrantlar sonini kamaytirish maqsadida haydovchisiz taksilardan foydalanish taklifi ilgari surildi.