O‘zbekistonda kuzatilmayotgan iqtisodiyot ulushi 2019-yildagi 45−50% dan hozirda 35% ga tushdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni tanishgan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimotida aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda mutasaddilar yashirin iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillar va ularni bartaraf etish choralari bo‘yicha axborot berdi.

Taʼkidlanishicha, Toshkentda jamoat transporti to‘liq avtomatlashgan to‘lovga o‘tkazilgani natijasida, aslida, yo‘lovchilar soni 30% ga ko‘p ekani ko‘ringan. Yoki raqamlashtirilgan dehqon va buyum bozorlarida tushum 2−3 karra oshayapti.

Shunday tizimni qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport, savdo va xizmatlar kabi yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori bo‘lgan sohalarda ham joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Litsenziya va ruxsatnoma berish jarayonlari hamda muddatlarini qayta ko‘rib chiqib, inson omilini keskin qisqartirish va barcha qadamlarni to‘liq raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Tadbirkorlar ko‘p duch keladigan soliq, bank, bojxona, kommunal, sertifikatlash kabi sohalarda korrupsiyaga yo‘l ochayotgan omillarga chek qo‘yish zarurligi aytildi.

Elektron to‘lovlar yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda ham maqbul vosita. Buning uchun naqdsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish, to‘lov tashkilotlarini ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbari faqat nazoratni kuchaytirish bilan yashirin iqtisodiyotni jilovlab bo‘lmasligini, aholi va tadbirkorlarning soliq madaniyatini oshirib, to‘g‘ri ishlaganlarni rag‘batlantirish yo‘lidan borish kerakligini taʼkidladi.

Har bir soha bo‘yicha alohida yondashuv qilib, tadbirkorlarga ochiq va qonuniy ishlashni manfaatli qilish vazifasi qo‘yildi. Shundan kelib chiqib, soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va raqamlashtirish, biznesga qo‘shimcha yengilliklar berish, mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Aprel oyida Strategik islohotlar agentligi poyezd chiptalari, marketpleys va kommunal to‘lovlarda naqd puldan to‘liq voz kechishni taklif qilgandi. Bundan tashqari, bozorlardagi savdo nuqtalari hamda parkovkalar uchun yig‘imlarni elektron shaklda qabul qilishni majburiy etib belgilash ilgari surilgan edi.

Spot, avvalroq, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan muddatga alohida huquqiy rejim joriy etilishi haqida yozgandi.

Shuningdek, 2026-yildan boshlab, yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1% (hozirda 4%) miqdorida belgilanishi haqida xabar berilgandi.