Toshkent shahrida maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jarayoni to‘liq raqamlashtirilmoqda, deb xabar berdi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.
Taʼkidlanishicha, Toza Poytaxt dasturiy ta‘minoti orqali chiqindi yig‘ish texnikalari mahallabay va belgilangan grafik asosida jalb etiladi.
Jarayonda Ekologiya qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Milliy gvardiya va mahalla yettiligi o‘z hududlariga mas‘ul bo‘ladi.
Toza Poytaxt tizimi 13-avgustdan Olmazor tumanida sinov tariqasida ishga tushiriladi. 1-sentabrga qadar esa qolgan tumanlarga ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Loyihaning asosiy maqsadi — chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish jarayonini nazorat qilish orqali shahar tozaligini ta‘minlash, texnikalar ishini monitoring qilish va xizmat sifatini oshirish.
Qo‘shimcha qilinishicha, yangi tizim orqali mahallaning ichki ko‘chalarida texnikalar harakatini kuzatish, chiqindi hajmini hisoblash, yuridik tashkilotlarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini baholash, markaziy va ichki ko‘chalardagi sanitariya holatini monitoring qilish mumkin bo‘ladi.
“Barcha ma‘lumotlar avtomatik tarzda yig‘iladi, inson resurslariga ehtiyoj qolmaydi. Bajarilmagan ishlar va chiqindi olib chiqib ketilmagan manzillar ham avtomatik qayd etiladi”, deyiladi xabarda.
Joriy yilning mart oyi dastlabki ikki haftasida Toshkentda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bo‘yicha jami 2 638 ta holat aniqlanib, huquqbuzarlarga 1,11 mlrd so‘m miqdorida jarima solingandi.
2030-yilga qadar qattiq maishiy chiqindi poligonlarini 50% ga qisqartirish, buning uchun ular negizida chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish sanoat zonalarini tashkil etish maqsad qilingan.
Avvalroq 1-avgustdan chiqindidan qarzdorligi bor fuqarolarga elektr energiyasi uchun to‘lovlar cheklanishi haqida xabar berilgandi.