Toshkentda 1-oktabrdan aholi uchun issiqlik va issiq suv tariflarini 15% ga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 12-avgust kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi yig‘ilishida poytaxt issiqlik ta’minoti tizimi operatori — Veolia Energy Tashkent bosh direktori Sevara Pardayeva ma’lum qildi.
Hozir issiq suv va issiqlik uchun chakana tarif 1 Gkal uchun 121 617 so‘mni tashkil etadi (QQSsiz). Natijada xizmatlar narxi 1 Gkal uchun 139,8 ming so‘mdan oshadi (QQSsiz).
Shuningdek, Veolia yuridik shaxslar uchun narxlarni 40% ga, budjet tashkilotlari uchun esa 19% ga oshirishni taklif qildi. Agar taklif qabul qilinsa, narxlar yuridik shaxslar uchun 342,2 ming so‘mgacha va byudjet tashkilotlari uchun 954,3 ming so‘mgacha oshadi.
Issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflarini oshirish uchun taklif xalq deputatlari poytaxt kengashi tomonidan ma’qullanishi, shuningdek, yangi narxlarni joriy etish sanasini belgilaydigan Toshkent shahar hokimi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari oxirgi marta 2024-yil 15-noyabrda oshirilgan. Jismoniy shaxslar uchun narxlar 1 Gkal uchun 121,6 ming so‘mgacha (QQSsiz), yuridik shaxslar uchun — 1 Gkal uchun 244,49 ming so‘mgacha (QQSsiz) ko‘tarildi. Bu o‘tgan yili aprel oyidan keyin narxlarning ikkinchi ko‘tarilishi bo‘ldi.
O‘tgan yilning kuzida Veolia Energy Tashkent isitish tizimi operatori tariflarning oshishini issiqlik ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan energiya resurslarining qimmatlashishi bilan izohlagan edi. Kompaniyada qayd etilishicha, fuqarolar uchun yangi tarif bazaviy narxning 18%ini qoplaydi, qolgan qismi esa davlat tomonidan qoplanadi.
Iyul oyida Issiqlikta’minoti raisi Ilhom To‘rayev Toshkentda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari bir marta oshirilishini ma’lum qilgandi. Bu elektr energiyasi, tabiiy gaz va sovuq suv narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lib, issiqlik xizmatlarining tannarxini oshiradi.
“Tariflar yil oxirigacha ikki marta oshmasligi aniq. Chunki, elektr energiyasi, gaz, sovuq suv hamda ulgurji issiqlik energiyasi tariflari qayta ko‘rib chiqildi. Shundan kelib chiqib, poytaxt kengashining faqat bitta qarori qabul qilinib, narxlar bir marta oshiriladi. Yangi tariflarni belgilash oralig‘i olti oyni tashkil etadi. Agar dastlabki olti oyda narxlar oshmagan bo‘lsa, keyingi yarim yilda tariflar ikki marta oshirilmaydi”, — dedi To‘rayev.
Kompaniya boshqaruvi raisi Ilhom To‘rayev poyaxtda tariflarni bir yilda ikki marotaba oshirish borasidagi rejalarga to‘xtalib, hozirda bu ko‘rib chiqilmayotganini qayd etdi. Lekin yangi narxlar xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga kiritilgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda gaz, issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun subsidiyalar ajratish 2029-yilgacha davom etishi haqida yozgandi.
2024-yil dekabr oyida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 2028-yildan boshlab gaz va elektr energiyasini subsidiyalashni to‘xtatishga va’da bergan edi.