O‘zbekistondagi qator chegara bojxona postlariga yengil avtomashinalarni skaner qiluvchi inspeksion ko‘rik majmuasi — Z portal qurilmasi o‘rnatilmoqda. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bunga qadar ushbu qurilmadan G‘ishtko‘prik chegara bojxona postiga o‘rnatilgan. Endi esa AQShdan kelgan mutaxassislar ishtirokida Navoiy chegara bojxona postlariga o‘rnatish ishlari yakuniga yetmoqda.
Qayd etilishicha, bu qurilma nafaqat Markaziy Osiyo, balki MDH mamlakatlari ichida birinchi marta O‘zbekistondagi chegara postlarida joriy etilmoqda. AQShning Rapiscan kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan majmua orqali soatiga 220 tagacha avtomashinani skanerlash mumkin.
Bunda haydovchi ham, yo‘lovchilar ham salondan tushmaydi hamda qurilma sanitar himoya hududini talab etmaydi. Rentgen nuri orqaga qaytish texnologiyasida ishlashi sababli salomatlikka zarari yo‘q. 2025-yilda bu kabi qurilmalarni Sirdaryo va Dovut ota chegara bojxona postlarida ham o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
1-sentabrdan G‘ishtko‘prik, Zangiota va Dovut ota chegara o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalari uchun xavflarni boshqarish tamoyillariga asoslangan “yashil” va “qizil” — ikki yo‘lakli tizim ishga tushiriladi.
Bojxona qo‘mitasining qayd etishicha, endi xavf darajasi past bo‘lgan — “yashil” yo‘lakka tushgan avtomobillar va unga yuklangan tovarlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmaydi, faqat hujjatlar ko‘zdan kechiriladi. Avtomobillar inspeksion ko‘rik majmuasi orqali nazoratdan o‘tkazilgandan so‘ng bu amaliyot qo‘llaniladi.
Dekabr oyida Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida 2025-yilda G‘ishtko‘prik, Navoiy, Dovut-ota, Shovot va Gulbahor postlarida qo‘shimcha koridorlar qurilib, o‘tkazish quvvati 5 karra oshirilishi ma’lum qilindi.
Yanvar oyida prezident huzurida o‘tkazilgan transport-logistika tizimini rivojlantirishga qaratilgan taqdimotda transport vaziri Ilhom Mahkamov nazorat-o‘tkazish punktlari kengaytirilishini, elektron navbat va onlayn kuzatuv tizimlari joriy etilishini qayd etdi.
Avvalroq O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida uchinchi davlat fuqarolari va yengil avtomobillar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.