SpaceX kompaniyasi Qozog‘iston hududida sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini rasman ishga tushirdi. Bu haqda Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi xabar berdi.
13-avgustdan boshlab qozog‘istonliklar Ilon Mask kompaniyasi tomonidan joylashtirilgan past orbitali Starlink sun’iy yo‘ldoshlari tarmog‘i orqali yuqori tezlikdagi ulanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Texnologiya chekka hududlarda ham barqaror internet aloqasini ta’minlaydi, deya ta’kidladi vazirlik.
SpaceX va Qozog‘iston Raqamli texnologiyalar vazirligi joriy yilning iyun oyida shartnoma imzolagan edi. Amerika kosmik kompaniyasi Qozog‘iston qonunchiligiga, jumladan, axborot xavfsizligi va aloqa sohasidagi qonunchilikka rioya qilish majburiyatini oldi.
“Bu yil ular barcha zarur tadbirlarni amalga oshiradilar va fuqarolarimiz sun’iy yo‘ldosh internetiga rasmiy va qonuniy ravishda ulana oladilar”, — deb aytgan edi o‘shanda Raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev.
Starlink interneti Qozog‘istonda 2024-yil fevral oyida, uskunalarning birinchi partiyasi mamlakatga olib kelinganidan beri sinov rejimida ishlayotgan edi. Uni mamlakat shimoli va janubidagi — Oqmola va Turkiston viloyatlaridagi qishloq maktablari o‘rtasida taqsimlashdi.
Starlink saytida Qozog‘iston sun’iy yo‘ldosh interneti allaqachon mavjud bo‘lgan mamlakatlar qatorida ko‘rsatilgan. Shuningdek, xizmat Gruziya, Armaniston va Ozarbayjonda ham ishlaydi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston hududida 2025-yil oxirigacha, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonda 2026-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.
Starlink — bu Yerdan taxminan 550 kilometr balandlikdagi past orbitali sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘i orqali ishlaydigan global internet tizimi. Bu tizim yuqori tezlik va past kechikish bilan ishlaydi, shu tufayli foydalanuvchilarga hatto shaharlardan uzoqda ham videoaloqa, striming va boshqa onlayn xizmatlardan foydalanish imkoniyatini beradi.
Avvalroq Spot O‘zbekkosmos SpaceX bilan sun’iy yo‘ldosh uchirish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgandi.
Agentlik Janubiy Koreya Aerokosmik administratsiyasi bilan kosmik texnologiyalar sohasi, Fransiyaning Novaspace kompaniyasi bilan esa 2035-yilgacha mo‘ljallangan kosmik strategiyani ishlab chiqish bo‘yicha kelishuv tuzdi.