Avvalroq prezidentning “Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Qarorga asosan kunlik xodim yollovchilar uchun kunlik to‘lov — “shu kunning o‘zida” mexanizmini joriy etish belgilanmoqda. Bu mehnat munosabatlarining moslashuvchanligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, dastlab tajriba tarzida ishga tushiriladi.

Ushbu mexanizmni qo‘llash uchun xodim bilan elektron mehnat shartnomasi tuzilgan, xodim raqamli platformalarda elektron hamyonga ega bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish va to‘lashni o‘z ichiga olgan soliq intizomiga qatʼiy rioya qilinishi lozimligi belgilandi.

Ushbu tizim ixtiyor asosda joriy etilmoqda. Yaʼni, ushbu tizim ish beruvchini maxsus huquqiy rejim doirasidan tashqaridagi mehnat qonunchiligining boshqa qoidalariga rioya etishdan ozod qilmaydi.

Qarorda “shu kunning o‘zida” mexanizmi taksi haydovchilari hamda yetkazib berish xizmati vakillari (kuryer) uchun tatbiq etilmasligi nazarda tutilgan.

Iyuldan boshlab yillik daromadi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun soliqlarni agregatorlar to‘laydi.

Avgust oyida o‘tkazilgan prezident huzuridagi taqdimotda “Kunlik to‘lov” tartibi tajriba tariqasida joriy etilib, xodimlarga to‘lovlarni elektron hamyon orqali to‘lash imkoniyati yaratilishi ma’lum qilingandi.

Avvalroq, Spot YTT va o‘zini o‘zi band qilganlarga to‘lovlar uchun QR kod bo‘lishi majburiy etib belgilangani haqida yozgandi. Maxsus QR kod mavjud emasligi nazorat-kassa texnikasini va hisob-kitob terminallarini qo‘llamaslikka tenglashtiriladi.