O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi va yuk tashish aviareyslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.
12-avgust kuni transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Gonkongning JDB Group Limited kompaniyasi rais o‘rinbosari Chan Man Xin bilan O‘zbekiston, Gonkong va potensial xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi aviatsiya sohasidagi istiqbolli loyihalarni muhokama qildi.
Tomonlar Gonkong va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekistonda Xalqaro aviatsiya akademiyasini tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Xususan, O‘zbekiston va Gonkong vakillari muntazam yo‘lovchi va yuk reyslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Bu jarayonda Hong Kong Airlines xususiy aviakompaniyasi ustuvor hamkor-operator sifatida taklif etildi.
Uchrashuvda muhokama etilgan yana bir muhim masala O‘zbekiston hududida xalqaro aviatsiya akademiyasini tashkil etish tashabbusi bo‘ldi.
Akademiya xalqaro standartlar (shu jumladan FAA va IOSA) asosida uchuvchilar, texniklar, styuardessalar, yer usti xodimlari va aviatsiya menejerlarini tayyorlaydi.
1-iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim joriy etildi. Ikki mamlakat fuqarolari davlatlar hududida 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin. Undan oshgan muddatlar uchun esa viza talab etiladi.
Vizasiz rejim mehnat faoliyati, o‘qish va media faoliyati bilan shug‘ullanish, shuningdek, boshqa tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, ko‘rsatilgan bitim Xitoyning Gongkong va Makao maxsus ma’muriy hududlariga tashrif buyurishga nisbatan amal qilmaydi.
Avvalroq Spot Andijon aeroporti xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatishni qayta tiklagani haqida yozgandi.