Qozog‘iston xorijiy internet platformalaridan mamlakat fuqarolarining ushbu platformalarda olgan daromadlari haqidagi ma’lumotlarni olishni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda moliya vaziri Madi Takiyevga asoslanib Kazinform xabar berdi.

13-avgust kuni hukumatdagi matbuot anjumanida amaldor YouTube, TikTok, Facebook va boshqa xizmatlardagi kontentni daromadga aylantirishga oid masalani ko‘tardi.

Takiyevning ta’kidlashicha, kompaniyalar hokimiyat idoralariga foydalanuvchilarning nashrlar orqali daromad olishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.

“Bu bizga [ma'lumotlarni] solishtirish uchun kerak. Umuman olganda, jismoniy shaxs deklaratsiyani mustaqil ravishda taqdim etishi kerak. Shunchaki bizga tasdiqlash uchun [ma'lumot taqdim etiladi]”, — dedi vazir.

Agar kompaniyalar hisobotida daromad qayd etilgan bo‘lsa-yu, foydalanuvchi deklaratsiya topshirmagan bo‘lsa, Davlat daromadlari qo‘mitasi unga xabarnoma yuboradi.

Jismoniy shaxsdan yillik daromadlari ko‘rsatilgan deklaratsiya topshirish va soliq to‘lash talab etiladi.

Ma’lumotlar Qozog‘iston hukumati va internet-kompaniyalar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar doirasida taqdim etiladi. Takiev soliq maqsadlarida ma’lumot almashish uchun “barcha xalqaro vositalarni” ishga solishga va’da berdi.


Avvalroq Spot xorijiy bigtex yarim yilda O‘zbekistonda qancha soliq to‘lagani haqida yozgandi.

Joriy yilning birinchi yarmida xorijiy IT-kompaniyalar tomonidan to‘langan soliqlar o‘tgan yilga nisbatan 42% ga o‘sib, 78,2 mlrd so‘mni tashkil etdi.