2025/2026-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari bo‘yicha tanlov natijalari e’lon qilindi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tanlov natijalarini quyidagi 3 xil usulda bilish mumkin.
- my.uzbmb.uz sayti orqali:
my.uzbmb.uz saytiga abituriyentning pasport seriyasi va raqami hamda shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritgan holda.
- mandat.uzbmb.uz sayti orqali:
mandat.uzbmb.uz saytiga abituriyentning ID raqamini kiritgan holda.
- Test natijalari qaydnomasi orqali:
Shuningdek, test natijalari qaydnomasi oliy ta’lim muassasalariga taqdim etiladi.
Qabul-2025
2025−2026-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul 5-iyundan boshlandi. Arizalar 25-iyungacha onlayb qabul qilindi. Joriy yilgi qabulda onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 732 411 nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,2 baravarga yoki 161,8 mingdan ortiqqa kamdir.
25-iyuldan oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlandi. Abituriyentlar 8-avgustgacha oliygoh, ta’lim yo‘nalishi va shakli, shuningdek, tanlov ustuvorligini tanladilar. Joriy yilda ham minimal o‘tish bali o‘zgarishsiz qoldi: grant uchun 68 ball, kontrakt uchun esa 56,7 ball. Shuningdek, bakalavriatura va magistratura uchun qabul kvotalari belgilandi.
Avvalroq Spot talabalar turar joyi uchun arizalar qabuli boshlangani haqida yozgandi. Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin. Dastlab imtiyoz va ustuvorlikka ega yoshlar talabalar turar joyiga qabul qilinadi.