Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida joylashgan Tul chegara nazorat-o‘tkazish punkti vaqtincha yopildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, mazkur chegara posti orqali harakatlanib kelgan fuqarolar va transport vositalari haydovchilari endilikda Lenburg nazorat-o‘tkazish punkti orqali harakatlanishlari mumkin.
Lenburg chegara nazorat-o‘tkazish punkti har kuni ertalab soat 06:00 dan kechki soat 22:00 ga qadar faoliyat olib boradi. Mazkur chegara punkti faqatgina O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston fuqarolari va avtomobillar harakati uchun mo‘ljallangan.
18-iyundan Shohimardon va So‘xga boruvchi postlar uzluksiz rejimga o‘tdi. Farg‘ona tumanidagi Shohimardon qishlog‘i hamda So‘x tumaniga borishda fuqarolar Oq qiya, Chashma hamda Vodil-Qadamjoy bojxona postlari orqali 24 soat davomida harakatlanishlari mumkin.
Spot, avvalroq, Navoiy chegara postiga avtomobillarni skanerlovchi inspeksion ko‘rik majmuasi o‘rnatilayotgani haqida xabar berilgandi. Bunda haydovchi va yo‘lovchilarning avtotransport salonidan tushishlari shart emas, qurilma sanitar himoya hududini talab etmaydi hamda salomatlikka ziyon yetkazmaydi.