O‘zbekistonda 2025-yilning yanvar-iyun oylarida ishsizlik darajasi 5,1% ni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 0,4% ga kamaydi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2025-yilning ikkinchi choragi uchun Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalari asosida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda mehnat resurslari 20,3 mlnni tashkil etadi.
Bunda 15,4 mlni iqtisodiy faol aholi bo‘lsa, qolgani — 4,9 mlni iqtisodiy nofaoldir. O‘z navbatida, ishlashga tayyor fuqarolarning 14,6 mlni ish bilan band hisoblanadi. 781,6 mingi esa ishsiz.
Ish bilan band aholining 55% i yoki 8 mlni rasmiy, 33% — 4,8 mlni norasmiy va 12% yoki 1,8 mlni xorijda ishlamoqda. O‘tgan davrda rasmiy band aholi soni 19% ga ko‘paygan, norasmiy ishlayotganlar esa aksincha, 13,6% ga kamaygan.
Iqtisodiy nofaol aholining 41% i yoki 2 mlni ishlab chiqarishdan ajralgan holda taʼlim oladi, yana 2,2 mlni (44%i) 2 yoshgacha bola parvarishida yoki tug‘ish taʼtilida bo‘lgan ayollardir. Shu bilan birga, 0,8 mlni (15%) ishlash xohishi yoki darhol ishga joylashish imkoni yo‘q aholi hisoblanadi.
Maʼlumot uchun, 2023-yil 1-iyul holatiga O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 8,1% ni, 2024-yil iyulida 5,8% ni va 2025-yil boshida 5,5% ni tashkil etgan.
ITIM markazi direktori Obid Hakimovga ko‘ra, oxirgi yetti yilda mamlakatda norasmiy bandlik darajasi kamaygan — 2017-yildagi 60% (7,9 mln norasmiy band ishchi) dan 2024-yilda 38% gacha (5,4 mln). Hozirda 22% korxonalarda norasmiy ishchilar mavjud bo‘lib, ular jami xodimlarning 13%ini tashkil etadi.
Avgust oyi avvalida Shavkat Mirziyoyev hozirda band bo‘lmagan 92 ming bitiruvchini ishga joylashtirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tgandi.
Spot, avvalroq, 1-iyul holatiga O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 6,8% gacha pasaygani haqida yozgandi. Shunday qilib, yarim yil ichida kambag‘allik darajasi 2,1 foiz punktga kamaydi.