Avvalroq elektron soliq xizmatlari portalida texnik nosozlik kuzatilayotgani sabab tadbirkorlar hisobidan pul yechib olinayotgani haqida xabar berilgandi.

Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, barcha subyektlarga noto‘g‘ri undirilgan mablag‘lar qaytarilmoqda.

Taʼkidlanishicha, texnik nosozlik sababli 30,1 ming soliq to‘lovchining hisobidan asossiz ravishda jami 399,3 mlrd so‘m mablag‘ yechib olingan.

Xususan:

  • 7 203 nafar soliq to‘lovchidan — 100 ming so‘mgacha;
  • 10 165 nafar soliq to‘lovchidan — 100 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha;
  • 8 270 nafar soliq to‘lovchidan — 1 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha;
  • 3 780 nafar soliq to‘lovchidan — 10 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha;
  • 672 nafar soliq to‘lovchidan — 100 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha;
  • 10 nafar soliq to‘lovchidan — 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar yechib olingan.

Soliq to‘lovchilarning hisobidan yechib olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tegishli xulosalar to‘liq G‘aznachilikka yuborilgan.

Mablag‘larni qaytarish avtomatik tarzda amalga oshiriladi, soliq to‘lovchilardan yozma murojaat talab etilmaydi. Shu bilan birga, banklarda hali ijro qilinmagan inkasso topshiriqlari ham qaytarib olinishi ta‘minlandi.

Qo‘mita soliq to‘lovchilarning hisobidan yechib olingan mablag‘larning deyarli barchasi qaytarilganini ma’lum qildi.

Xususan, 13-avgust soat 20:00 holatiga 25 568 ta tadbirkorga 362,8 mlrd so‘m mablag‘lar qaytarib berildi.

Avvalroq Andijonda soliq organlari tomonidan tadbirkorga yuborilgan 157 mlrd so‘m qarzdorlik bekor qilingani haqida xabar berilgandi.