Avvalroq elektron soliq xizmatlari portalida texnik nosozlik kuzatilayotgani sabab tadbirkorlar hisobidan pul yechib olinayotgani haqida xabar berilgandi.

Soliq qo‘mitasi nosozlik oqibatlarini bartaraf etish ishlari to‘liq yakunlanganini ma’lum qildi.

Taʼkidlanishicha, barcha soliq to‘lovchilarga noto‘g‘ri yechib olingan mablag‘lar avtomatik tarzda to‘liq qaytarildi.

Shuningdek, mazkur vaziyat sababli tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida vaqtincha pasaygan ballari avvalgi holatiga tiklandi.

Agarda tadbirkorlarda qo‘shimcha savollar tug‘ilsa, “Qayta aloqa” tizimidan foydalanish mumkinligi qayd etildi.

“Biz tushunamiz, ushbu holat ko‘plab savollar va xavotir uyg‘otdi. Shu sababli zudlik bilan soliq to‘lovchilarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni minimallashtirish bo‘yicha choralar ko‘rildi. Kelgusida bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun barcha choralarni ko‘ramiz. Sizning soliq xizmatiga bo‘lgan ishonchingiz va qatiyatingiz biz uchun muhim”, — dedi qo‘mita raisi Sherzod Kudbiyev.

Soliq qo‘mitasi, bundan avval, texnik nosozlik sababli 30,1 ming soliq to‘lovchining hisobidan asossiz ravishda jami 399,3 mlrd so‘m mablag‘ yechib olinganini maʼlum qilgandi.

Avvalroq Andijonda soliq organlari tomonidan tadbirkorga yuborilgan 157 mlrd so‘m qarzdorlik bekor qilingani haqida xabar berilgandi.