Markaziy bank mijozlar bilan munosabatlar sohasida banklar faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablarga o‘zgartirishlar kiritish loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilindi.

Jismoniy shaxslar uchun kredit olishda majburiyatlar bilan bog‘liq xatarlar ko‘rsatiladigan chek-listlarni joriy etish taklif etilmoqda. Bank qarz ma’qullangandan so‘ng, ammo mijoz bilan kredit shartnomasi tuzilgunga qadar chek-list taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Qarz oluvchi barcha bandlar bilan tanishib chiqishi va ularga roziligini tasdiqlashi kerak bo‘ladi. To‘ldirilgan chek-listsiz kredit shartnomasini imzolashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hujjatda to‘rtta shart tushuntirishlar bilan sanab o‘tiladi:

  • kredit — bu xarajat;
  • kreditni qaytarish jadvalini diqqat bilan o‘rganib chiqdim;
  • daromadlarim kredit to‘lovlarini to‘lash imkonini beradi;
  • kredit to‘lovlarini kechiktirish oqibatlaridan xabardorman.

Mazkur chek-list bank muassasasida kredit rasmiylashtirilayotganda — qog‘oz shaklida qarz oluvchiga taqdim etiladi. Qarz oluvchi chek-listdagi har bir bandni o‘qib tanishganligini maxsus belgi bilan belgilaydi hamda chek-listni qo‘lda imzo qo‘yib tasdiqlaydi.

Masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlari orqali kredit rasmiylashtirilayotganda esa qarz oluvchi chek-listdagi har bir bandni o‘qib tanishganligini mahsus elektron belgi bilan belgilaydi hamda chek-listni tasdiqlash tugmasini bosadi.

Bunda barcha belgilarni qo‘yish va tasdiqlash tugmasini bosish fakti bankning avtomatlashtirilgan tizimida sana, vaqt, IP-manzil va qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchi) identifikatorlaridan birini ko‘rsatilgan holda qayd etilishi lozim.

Bundan tashqari, Markaziy bank banklarga kredit parametrlari, jumladan, oluvchining miqdori, muddati va daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mobil ilovalarga avtomatik ravishda yuklashni taqiqlashni taklif qilmoqda.

Mijozning roziligini ifodalovchi “standart” belgilar va boshqa tugmalarni o‘rnatish taqiqlanadi. Shartnoma (oferta) shartlarini o‘qishda qabul qilish tugmasi mijoz tomonidan hujjat oxirigacha varaqlangandan keyingina faollashishi kerak.

Shuningdek, banklar qarz oluvchining moliyaviy qiyinchiliklari, murakkab hayotiy vaziyati yoki fors-major holatlari tufayli kredit shartnomalarini o‘zgartirish va kreditlarni restrukturizatsiya qilish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish tartibini tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Hujjat bankning veb-saytida joylashtirilishi kerak.


Avvalroq Spot Markaziy bank ikki oyda 23 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortgani haqida yozgandi.

Shuningdek, Imkon Finans mikromoliya tashkilotida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun ayrim operatsiyalari uch oyga cheklandi.