Xitoy kompaniyasi O‘zbekistondagi mavjud metro liniyalarini rekonstruksiya qilish va yangilarini qurishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

14-avgust kuni transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev hamda Xitoyning Tianjin Rail Transit Group kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Yunkan Ma o‘rtasidagi muzokara o‘tkazildi. Tomonlar metropoliten va temir yo‘l transportini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Xususan, Xitoy tomoni mavjud metro liniyalarini rekonstruksiya qilish va yangilarini qurishda ishtirok etishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, kompaniya Toshkent-Samarqand yangi temir yo‘l liniyasini barpo etish loyihasida ham ishtirok etish istagida.

Kompaniya mazkur loyihalarni batafsil o‘rganish asosida o‘z takliflarini taqdim etishga tayyorligini ma‘lum qildi.

Uchrashuv davomida Jasurbek Choriyev Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li va Transafg‘on koridorini qurish bo‘yicha yirik loyihalar haqida axborot berdi.

Iyul oyi oxirida transport vaziri Ilhom Mahkamov Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi joriy yil oxirigacha yakunlanishini ma’lum qilgandi. 2026-yil yanvar oyidan tenderni o‘tkazish uchun hujjatlarni tayyorlashni boshlash rejalashtirilgan.

2026-yilda Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘l liniyasi qurilishi boshlanadi. Shuningdek, kelgusi yilda O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy va O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston xalqaro temir yo‘llari qurilishida faol ishtirok etish ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Spot Yangi Toshkentda $110 mlnlik metro qurilishi 2026-yil oxirigacha rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.