Avvalroq Spot 14-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi taqdimot bilan tanishgani haqida yozgandi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida poytaxtning asosiy muammolaridan biri qurilish chiqindilari bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Shaharda har kuni 5−6 ming tonnaga yaqin bunday chiqindilar hosil bo‘ladi.

“Toshkent shahrida [qurilish chiqindilari uchun] maxsus poligon yo‘q, mavjudi ham juda uzoqda. Shu tufayli qurilish chiqindilari u-bu joyga tashlab ketilmoqda”, — dedi Shavkat Umurzoqov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Toshkentda yoki poytaxt yaqinida qurilish chiqindilarini qayta ishlash zavodini qurishga ruxsat bergan.

Hozirda hokimlik Angliya kompaniyasi bilan loyiha ustida muzokaralar olib bormoqda. Loyiha qurilish chiqindilarini qayta ishlash va ulardan ikkilamchi taxta, inert va metall materiallar olish imkonini beradi. Hokim bu masalani hal qilish bilan “juda katta imkoniyat” yaratilishini ta’kidladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, yig‘ilishda “alohida e’tibor qaratish” talab etiladigan 15 ta asosiy chiqindi turi aniqlangan. Ular orasida farmatsevtika va tibbiyot chiqindilari, organik chiqindilar, zaharli va radioaktiv ifloslanishlar mavjud.

Ushbu 15 turdagi chiqindilarning barchasi viloyatlarga tarqatildi. Har bir hududda bir turdagi chiqindini utilizatsiya qilish va qayta ishlash tajribasi yo‘lga qo‘yiladi.

“Xususan, Toshkentda qurilish chiqindilarini qayta ishlashga $270 mln investitsiya jalb qilinadi. Samarqand viloyatida umumiy investitsiya hajmi qariyb $18,5 mln bo‘lgan elektron chiqindilarni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Barcha hududlar eksperiment tariqasida chiqindilarning barcha turlarini qamrab oladi, ular keyinchalik boshqa hududlarga ham kengaytiriladi”, — dedi vazir.

Avvalroq, Spot O‘zbekistonda akkumulyatorlar, avtomobillar, moylar, qadoqlar, shinalar va oynalar uchun ekoyig‘im joriy etilishi haqida yozgandi.