Avvalroq Spot 14-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi taqdimot bilan tanishgani haqida yozgandi.
O‘zbekistonda bir necha turdagi tovarlar uchun ekologik yig‘im joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining prezidentga taqdim etgan taqdimotida aytiladi.
Birinchi bosqichda ekoyig‘imni quyidagi tovarlarga joriy etish taklif etilmoqda:
- batareyalar va akkumulyatorlar;
- transport vositalari;
- moylash materiallari;
- qadoqlash buyumlari;
- shinalar va rezina kameralar;
- shisha buyumlar.
O‘zbekistonda yiliga 14 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Lekin ularni qayta ishlash darajasi pastligicha qolmoqda. Oxirgi yillardagi loyihalar natijasida bu ko‘rsatkich 5% ga yetdi.
Qog‘oz, plastmassa, rezina, shisha va to‘qimachilik chiqindilarini qayta ishlab, 1 trln so‘mlik xomashyo olish mumkin. Bundan tashqari, qurilish, kimyo, elektronika, texnik chiqindilar va sanoat moylarini qayta ishlash sohasida ham salohiyat mavjud.
Mamlakatda yiliga 144 ming tonna elektron chiqindi, 1,8 mln tonna plastik, 647 ming tonna shisha, 250 ming tonna moy va 217 ming tonna rezina hosil bo‘ladi.
Taqdimotga ko‘ra, shinalarni qayta ishlash ko‘rsatkichi — 17%, shisha — 6,3%, plastmassa — 11,2%.
Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilarga chiqindi poligonlariga olib ketilayotgan chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish majburiyatini yuklash rejalashtirilmoqda.
O‘zbekistonda qurilish oynasi uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etish rejalashtirilmoqda. Iyul oyida Oliy Majlis palatalari Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan taklif etilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Utilizatsiya yig‘imi chiqindilarni qayta ishlash va tegishli infratuzilmani yaratish xarajatlarini qoplashga yordam berishi kerak. O‘zbekistonda yiliga 408 ming tonna shisha chiqindilari hosil bo‘ladi, ammo ularning atigi 9%i utilizatsiya qilinadi.