14-avgust kuni Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tezlashtirishga qaratilgan prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Qaror bilan, 2025−2026-yillarda Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Bular:

  • yalpi hududiy mahsulot hajmini o‘rtacha 6−6,5% ga yetkazish;
  • sanoat ishlab chiqarishi hajmini 5−6% ga yetkazish;
  • bozor xizmatlari hajmini 15−17% ga yetkazish.

Qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonni 2035-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha strategiya 5 yillik batafsil dastur asosida amalga oshiriladi.

Dasturni moliyalashtirish uchun natijaga asoslangan moliyalashtirish tizimi (PforR) bo‘yicha $150−200 mln miqdoridagi xorijiy mablag‘lar jalb qilinadi.

2024-yilning dekabrida Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, investitsiyani ko‘paytirish va aholi bandligini oshirish bo‘yicha 2025-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgandi.

Unda Qoraqalpog‘istonda 3ta asosiy yo‘nalishni — qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etilishi ma’lum qilindi. Mazkur tuzilma har bir tumanning o‘sish nuqtalarini tahlil qilib, qanday ekinlarni yetishtirish, yerdan daromadni ko‘paytirishga yordam beradi.

Iyul oyida Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanida qiymati 73 mlrd so‘mdan ortiq turizm zonasi qurilishi aytilgandi.

Avvalroq Misr Qoraqalpog‘istonga $660 mln miqdorida investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi.