Avvalroq Spot 14-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi taqdimot bilan tanishgani haqida yozgandi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida o‘rganishlar poytaxtdagi chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi Maxsustrans korxonasining moliyaviy ahvoli “juda yomon” ekanligini ko‘rsatganini qayd etdi.

Poytaxt hokimining so‘zlariga ko‘ra, 2022−2023 yillarda korxona 45 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.

Moliyaviy qiyinchiliklar natijasida mahallalardagi chiqindilarni olib chiqib ketish ishlari bir necha kunga kechiktirilgan. Shuningdek, chiqindi konteynerlari yetishmasligi qayd etilgan.

Umurzakovning qayd etishicha, yagona yechim — raqamlashtirish. Shundan kelib chiqib, tizimni raqamlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Xususan, Olmazor tumanidagi mahallalarda chiqindi tashish jadvaliga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha Toza Poytaxt platformasi sinov tariqasida ishga tushirildi. 1-sentabrga qadar tizim Toshkent shahrining barcha tumanlarida joriy etiladi.

Raqamlashtirish natijasida yoqilg‘idan 3 mlrd so‘mdan ortiq iqtisod qilindi. Shuningdek, 34 turdagi chiqindi tashish texnikalari xarid qilinib, chiqindi tashuvchi haydovchilarning oylik maoshlari 2 barobarga — oyiga 4 mln so‘mdan 8 mln so‘mgacha oshirildi. Natijada chiqindilarni olib chiqishning kunlik hajmi qariyb 30% ga oshdi.

“Texnikani to‘g‘ri boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yilgani hisobiga tungi smenalar joriy etildi. Chiqindi tashuvchi mashinalar harakat vaqtini ertalabgacha, odamlar ishga chiqib ketgunlarigacha chiqindilarni olib chiqishga harakat qilyapmiz. Buning ortidan texnikalar tirbandlikda qolib ketmasdan, qatnovlar soni oshmoqda”, — dedi Shavkat Umurzoqov.

Shuningdek, u Maxsustrans korxonasining molivaiy ahvoli yaxshilangach, hozirda qo‘shimcha 480 ta chiqindi yig‘ish shoxobchalari tashkil qilinayotganini qo‘shimcha qildi.

Kechagi yig‘ilishda chiqindi xizmatlari aholi talablariga mos bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois prezident chiqindi tashish mashinalarining har bir mahallaga yetib borish vaqti va yo‘nalishini onlayn kuzatish imkoniyatini yaratish vazifasini qo‘ydi.

Avvalroq, Spot O‘zbekistonda akkumulyatorlar, avtomobillar, moylar, qadoqlar, shinalar va oynalar uchun ekoyig‘im joriy etilishi haqida yozgandi.