Isitish va issiq suv tariflari oshirilishining kechiktirilishi kelgusida ularning yanada keskin oshishiga olib keladi. Bu haqda 12-avgust kuni Toshkent shahar xalq deputatlari kengashi yig‘ilishida Veolia Energy Tashkent bosh direktori — poytaxt issiqlik ta’minoti tizimi operatori Sevara Pardayeva ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tannarxning 70%ini issiq suv tashkil qiladi. Bunda issiq suv va issiqlik ta’minotidan foydalanishning 90%i aholi, yana 10%i budjet tashkilotlari va yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2030-yilga borib O‘zbekistonda issiqlik ta’minoti sohasini subsidiyalashdan voz kechish rejalashtirilgan.

“Bu, albatta muhim, lekin oson masala emas. Chunki, hozirgi kunda aholi issiqlik va issiq suv uchun bazaviy tarifning faqat 18%ini to‘lamoqda. Biz [subsidiyalardan butunlay voz kechish uchun] Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan ish olib boryapmiz”, — dedi u.

Kambag‘al oilalarga yordam berish uchun subsidiyalar ajratish orqali manzilli qo‘llab-quvvatlash tashkil etiladi. “Xohlaymizmi-yo‘qmi, 2030-yilgacha aholi va yangi iste’molchilar narxni to‘liq qoplashini istasak, tariflarni oshirib borishimiz kerak”, — ta’kidladi Veolia rahbari.

2019-yilda Veolia Toshkent issiqlik ta’minoti tizimining operatoriga aylangan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda chakana tariflarni har yili 30% ga oshirish ko‘zda tutilgan. Biroq kompaniya o‘z faoliyatini 2022-yilda boshlagan bo‘lsa, birinchi marta o‘tgan yili tariflar 30% ga oshdi.

“1-maydan boshlab aholi uchun gaz va elektr energiyasi tariflari oshirildi, 13-iyundan boshlab esa Toshkent Issiqlik Markazi Veolia Energy Tashkent uchun issiqlik energiyasining ulgurji tarifini oshirdi. Bizning tariflarni oshirish to‘g‘risidagi taklifimiz ishchi komissiyasidan o‘taolmadi, lekin biz buning muqobili yo‘qligini tushuntirdik. Keyingi yillarda qiyinchiliklarga uchraymiz, chunki tariflarni yiliga 30% ga emas, balki 40−50% ga oshirishga to‘g‘ri keladi”, — deya tushuntirdi Sevara Pardayeva.

Issiq suv va issiqlik tariflari oxirgi marta 2024-yilning 15-noyabrida oshirilgan. Jismoniy shaxslar uchun narxlar 1 Gkal uchun 121,6 ming so‘mgacha (QQSsiz), yuridik shaxslar uchun — 1 Gkal uchun 244,49 ming so‘mgacha (QQSsiz) ko‘tarildi. Bu o‘tgan yili aprel oyidan keyin narxlarning ikkinchi oshishi bo‘ldi.

O‘tgan yilning kuzida Veolia Energy Tashkent isitish tizimi operatori tariflarning oshishini issiqlik ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan energiya resurslarining qimmatlashishi bilan izohlagandi. Kompaniyaning qayd etishicha, fuqarolar uchun yangi tarif bazaviy narxning 18%ini qoplaydi, qolganini esa davlat qoplaydi.

Avvalroq Spot Toshkentda 1-oktabrdan issiqlik va issiq suv tariflarini oshirish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.