14-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, oxirgi uch yilda barcha manbalardan 2 trln so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. O‘tgan yili Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Chiqindi korxonalari uchun 1200 ta yangi texnika olib berildi. Mahallalarda chiqindi maydonchalari qurildi. To‘plash va tashib ketish yaxshilangani natijasida bu tarmoq ikkilamchi xomashyo manbaiga aylandi.
Sanitar-tozalash hamda chiqindini qayta ishlash korxonalari uchun foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkalari 1% etib belgilandi. Chetdan olib kelinadigan texnika va uskunalar import bojidan ozod qilindi. Natijada 200 ga yaqin sanitar-tozalash va 290 ta chiqindini qayta ishlash korxonalari ochildi.
Taqdimotda mutasaddilar loyihalar ijrosi va kelgusi rejalar yuzasidan axborot berdi. Mamlakatda yiliga 14 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi, biroq ularni qayta ishlash darajasi pastligicha qolmoqda.
Oxirgi yillardagi loyihalar natijasida bu ko‘rsatkich 5%ga yetdi.
Chiqindilarni yoqish orqali energiya ishlab chiqarish loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xitoylik investorlar bunday zavodlarni oltita hududda qurmoqda. Davlat nafaqat chiqindilarni utilizatsiya qilish uchun to‘lovlarni amalga oshirish, balki ishlab chiqarilgan energiyani sotib olish majburiyatini ham o‘z zimmasiga oladi.
Yaqinda Toshkent shahrida tibbiyot chiqindisini yoqib, issiqlik oladigan ikkita korxona ishga tushirildi. Yana Samarqandda 2 ta, qolgan hududlarda bittadan shunday zavodlar qurilishi mo‘ljallangan.
Maishiy chiqindilarning to‘rtdan biri qog‘oz, plastik, rezina, shisha, to‘qimachilik qoldiqlariga to‘g‘ri keladi. Ularni qayta ishlab, 1 trln so‘mlik mahsulot olish mumkinligi aytildi. Bundan tashqari, yurtimizda qayta ishlanmaydigan qurilish, kimyo, elektron, texnik va sanoat moylari bo‘yicha katta zaxira borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Chiqindini tashib ketish xizmatlari aholini rozi qiladigan darajada bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois mahallaga chiqindi texnikasining kelish vaqti va harakatini onlayn ko‘rish imkoniyatini yaratish vazifasi qo‘yildi.
Ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqilishi belgilandi. Aholida ekologik madaniyatni bog‘cha va maktabdan boshlab shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.
Avvalroq Spot Toshkentda chiqindilarni olib chiqish jarayoni to‘liq raqamlashtirilayotgani haqida yozgandi.
Toza Poytaxt tizimi 13-avgustdan Olmazor tumanida sinov tariqasida ishga tushiriladi, qolgan tumanlarda esa 1-sentabrgacha bosqichma-bosqich joriy etiladi.