O‘zbekiston va Qozog‘iston muntazam aviaqatnovlar sonini oshirishga kelishib oldi, deb xabar qildi Qozog‘iston Transport vazirligi matbuot xizmati.
Markaziy Osiyo — Xitoy (C5+1) formatida fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlik bo‘yicha ishchi guruh konferensiyasi doirasida Qozog‘iston va O‘zbekiston aviatsiya ma’muriyatlari mamlakatlar o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar sonini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu transport qulayligini rivojlantirish, ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, ikki davlatning sayyohlik jozibadorligini oshirishga qaratilgan.
Erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, ikki mamlakatning tayinlangan tashuvchilariga Olmaota-Toshkent va Ostona-Toshkent yo‘nalishlarining har biri bo‘yicha haftasiga 42 tagacha reyslarni amalga oshirishga ruxsat berildi. Boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha haftasiga 14 tagacha reyslarni bajarishga ruxsat etilgan (ammo O‘zbekiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra — haftasiga 7 tagacha reys).
O‘zbekiston Transport vazirligining aniqlik kiritishicha, barcha kelishilgan yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlarning ruxsat etilgan chastotasi haftasiga 238 ta reysni tashkil etadi.
Bundan tashqari, tomonlar muntazam reyslarni amalga oshirish uchun belgilangan manzillar sonini ko‘paytirishga kelishib oldilar.
Qozog‘iston Transport vazirligi 3-iyuldan boshlab O‘zbekistonning Centrum Air aviakompaniyasi haftasiga ikki marta Aqtov-Nukus reyslarini yo‘lga qo‘yganini ma’lum qildi. 15-iyuldan boshlab Fly Arystan aviatashuvchisi haftasiga uchta reysni amalga oshirib, Atirau-Toshkent yo‘nalishini ochdi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Gonkong to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi va yuk reyslarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.