Mo‘g‘uliston bilan kelishuv doirasida mamlakatdan O‘zbekistonga zotdor qo‘ylarning dastlabki mingtasi jo‘natildi. Bu haqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyevning iyul oyidagi tegishli qarori bilan belgilangan topshiriqlarni amalga oshirish maqsadida qo‘mita raisi Bahrom Norqobilov boshchiligidagi ishchi guruh xizmat safari bilan Mo‘g‘ulistonga bordi. Uning doirasida mo‘g‘ulistonlik tadbirkorlar bilan uchrashuvlar, zotdor qo‘ylarni tanlash va o‘rganish ishlari olib borildi.

Natijada, dastlabki bosqichda Mo‘g‘ulistondan ming bosh Bayad zotli qo‘ylar O‘zbekistonga aviatransport orqali yuborildi. Ular Navoiy viloyatida ko‘paytiriladi.

Oktabr oyi oxirigacha tizimli ravishda 60 ta reysda 50 ming bosh, noyabr-dekabr oylarida 50 ming bosh — yil yil yakunigacha jami 100 ming bosh qo‘ylarni mamlakatga olib kelish choralari belgilab olindi.

Shuningdek, Mo‘g‘uliston bosh vaziri o‘rinbosari S.Amarsayxan bilan o‘tkazilgan muzokaralarda qo‘y va echkilarni eksport qilishda davlat bojini ikki yarim baravardan ortiqqa — $18 dan $7 ga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Xizmat safari davomida Mo‘g‘ulistonning Jargalant Sheep, West Point, Marble Meat korxonalari rahbarlari bilan muzokaralar olib borilib, yuboriladigan qo‘ylarni yetkazib berish bo‘yicha O‘zbekistonning 40 dan ortiq fermer xo‘jaliklari o‘rtasida shartnomalar imzolandi.

Shuningdek, Mo‘g‘ulistonning 27 nafar go‘sht ishlab chiqaruvchi kushxonalari va o‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘rtasida kooperatsiya tashkil etildi.

Qayd etilishicha, uning doirasida kelgusi yilda O‘zbekistonga go‘sht importi 3 barobarga oshirilib, 3 ming tonna arzon va sifatli go‘sht yetkazish choralari belgilab olindi.

Iyun oyi oxirida O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan 2000 tonna miqdorida ot go‘shti va halol qo‘y go‘shtining dastlabki partiyasini xarid qilishga rozilik bildirgani ma’lum bo‘ldi. Mo‘g‘uliston eksport bojini imtiyozli shartlarda belgilash imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor ekanligini bildirgan.

Veterinariya, chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abror Akbarov Senat yig‘ilishida Mo‘g‘ulistondan 7000 bosh Bayat zotli qo‘ylar olib kelinib, yaylov yerlarda parvarish qilinmoqda, ularning soni hozirda qariyb 15 ming boshga yetkazilganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonga mamlakatdan 100 ming bosh mayda shoxli mollarni olib kelish rejalashtirilmoqda. Mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari bilan ko‘paytirish orqali ularning soni 2029-yil yakunigacha 1 mln boshga yetkaziladi.

2025-yilning 1-avgustidan 2027-yilning 31-dekabrigacha tadbirkorlarga Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni havo transporti orqali mamlakatga import qilish xarajatlarining 50%i budjetdan qoplab beriladi.

Ularga QQSni to‘lash muddatini foizlar hisoblanmagan holda to‘lov ta’minotisiz kechiktirib to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Avvalroq, Spot Qirg‘iziston qoramol eksportini olti oyga taqiqlamoqchiligi haqida yozgandi. Cheklov ot, qo‘y va echkilarga ham tegishli bo‘lib, u ichki bozorni ta’minlash hamda narxlarni barqarorlashtirishga qaratilgan.