O‘zbekiston va Afg‘oniston energetika sohasida bir nechta kelishuvlarni imzoladi, deb xabar qildi Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari matbuot xizmati.

17-avgust kuni Afg‘onistonning Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) energetika kompaniyasi va O‘zbekiston elektr ta’minoti sohasida to‘rtta loyiha bo‘yicha shartnoma imzoladi. Unda O‘zbekiston tomonidan “O‘zenergosotish” rahbarining birinchi o‘rinbosari Shohrux Qoraboyev ishtirok etdi.

Loyihalar orasida:

  • quvvati 1000 MVt bo‘lgan 500 kV kuchlanishli Surxon — Dashti-Alvan elektr uzatish tarmog‘ini qurish;
  • quvvati 800 MVA bo‘lgan “Argandi” podstansiyasini kengaytirish;
  • 220 kV kuchlanishli, quvvati 800 MVt bo‘lgan Kobul — Shayx-Masri elektr uzatish tarmog‘i;
  • Nangarhorda quvvati 126 MVA bo‘lgan Shayx-Mesri podstansiyasini qurish.

Afg‘oniston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 1,5 yil ichida yakunlanishi rejalashtirilgan to‘rtta loyihaga $243 mln sarmoya kiritadi. Natijada Afg‘oniston O‘zbekistondan 800−1000 MVtgacha elektr energiyasini import qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

DABS bosh direktori Abdul Bari Omarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning 1 GVt elektr energiyasi importi islom respublikasida minglab to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini yaratadi, bu esa Afg‘onistonning sanoat mustaqilligiga yaqinlashishiga imkon beradi.

Shu kuni Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Barodar va O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov energetika sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi. Uchrashuvda O‘zbekneftgaz rahbari Bahodirjon Sidiqov ishtirok etdi

elektr energiyasi, afg‘oniston, energetika, eksport

Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston tomonidan energetika loyihalarini amalga oshirish tezligi va sifatiga alohida e’tibor qaratishni so‘radi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Afg‘oniston qurilish kompaniyalari bilan hamkorlikdagi amaliy ishlar “juda tez orada” boshlanishiga ishontirdi.

Bundan tashqari, vazir energetika, qishloq xo‘jaligi, geologiya, sanoat, sog‘liqni saqlash va kasbiy ta’lim sohalarida tajriba almashishga tayyorligini ta’kidladi.

Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Tomonlar ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini $2 mlrdga yetkazish imkoniyatlarini, shuningdek, Afg‘oniston eksport mahsulotlari tranzitini muhokama qildilar.

O‘zbekiston Transafg‘on temir yo‘li qurilishi, sement ishlab chiqarish, to‘qimachilik fabrikalari, neftni qayta ishlash zavodini tashkil etishga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, respublika yangi elektr uzatish liniyasi ishga tushirilgandan so‘ng Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni ko‘paytiradi.

Avvalroq, Spot O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston Transafg‘on temir yo‘li bo‘yicha TIA ishlab chiqish shartnomasi imzolagani haqida yozgandi. Qayd etilishicha, bo‘lajak temir yo‘l liniyasi Termiz-Naybobod-Maydanshahr-Logar-Xarlachi yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi.