O‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 benzini narxi 11,6% dan ko‘proqqa oshgani haqida xabarlar tarqaldi.
Narxlarning oshishi Rossiyadan benzin eksportini taqiqlash, AI-80 benzini narxining yuqori chegarasini bekor qilish va O‘zbekneftgazning 2026-yildan boshlab AI-80 benzinini ishlab chiqarishni to‘xtatish rejalari fonida sodir bo‘lmoqda.
Carvon (sobiq UNG Petro) yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i AI-80 benzinining narxini 950 so‘mga ko‘tarib, litrini 8150 so‘mdan 9100 so‘mga yetkazdi.
Avtostrada nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Lukoyl yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ida AI-80 benzinining litri 9100 so‘mdan, IBR’da 9200 so‘mdan, Mustang‘da esa 8900 so‘mdan sotilmoqda. Shuningdek, nashr Carvon AYQSh’larida AI-92 va AI-95 benzinlari narxlari ham oshganini ma’lum qildi. Ularning narxi mos ravishda 11 200 va 13 000 so‘mni tashkil etmoqda.
Yaqinda Rossiya avgust oyi oxirigacha benzin eksportiga to‘liq taqiq joriy etdi. Cheklovlar barcha kompaniyalarga, shu jumladan ishlab chiqaruvchilarga ham tatbiq etildi (ilgari bunday cheklovlar faqat yoqilg‘ini qayta sotishga nisbatan qo‘llanilgan edi).
Energetika vazirligi Spot’ga ma’lum qilishicha, Rossiya hukumati tomonidan benzin eksportiga qo‘yilgan taqiq O‘zbekistonga yetkazib berishga ta’sir ko‘rsatmaydi. Vazirlik ta’kidlashicha, ushbu cheklovlar hukumatlararo kelishuvlar doirasida amalga oshiriladigan yetkazib berishlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Biroq, iqtisodchi Otabek Bakirov POLITIK Central Asia nashriga bergan izohida joriy etilgan cheklovlar O‘zbekiston yoqilg‘i bozorida narxlarning oshishiga olib kelishini ta’kidladi. Uning fikricha, hukumatlararo kelishuvga kiritilmagan mayda importchilar bozordan chiqib ketadi. O‘z navbatida, ro‘yxatdagi monopolistlar va o‘z infratuzilmasi orqali importni bevosita yoki bilvosita nazorat qiluvchi mahalliy benzin ishlab chiqaruvchilar narxlarni oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
2024 yil noyabr oyida Raqobat qo‘mitasi AI-80 benzini narxining sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 5% miqdorida — 9 377 555,25 so‘mgacha o‘sishi bo‘yicha cheklov o‘rnatdi. 10-iyundan boshlab narx chegarasi bekor qilindi, shundan so‘ng yoqilg‘i O‘zRTXBda keskin qimmatlasha boshladi.
Iyul oyi oxirida monopoliyaga qarshi organ 2024-yil kuzida AI-80 benzini narxining o‘sishini cheklash yashirin bozorning o‘sishiga olib kelganini ma’lum qildi.
“Biz spred [AI-80 benzini narxining o‘sishi]ni 5% ga belgilaganimizda, bu yashirin iqtisodiyotning turli ko‘rinishlarining kuchayishiga olib keldi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalari xarajatlari ko‘chaga chiqib ketdi — har bir lot uchun $100−200 to‘landi. Bir tonna benzin narxi 9,3 mln so‘m bilan cheklanganda, chakana narx litri uchun 6500−7000 bo‘lishi kerak edi. Biroq, yashirin iqtisodiyot va u bilan bog‘liq xarajatlar tufayli narx 8000−8500 so‘mgacha ko‘tarildi”, — dedi u.
O‘zbekiston sentabr oyidan beri bozorning katta qismini egallagan AI-80 benzinini ishlab chiqarishdan voz kechishga intilishi fonida Rossiya benzinini eksport qilishga vaqtinchalik taqiq joriy etilgani ham vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
2023-yil noyabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Spot’ga Rossiya yoqilg‘isi eksportiga qo‘yilgan cheklovlar O‘zbekistonga ta’sir qilmasligini aytgandi. Ta’minot maxsus hukumatlararo bitim bilan tartibga solinadi, dedi u.
Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari importi 9,3% ga kamayib, $1,02 mlrdga tushdi, benzin yetkazib berish esa 3,1% ga pasayib, $815,8 mlnni tashkil etdi. Mamlakatga har yili taxminan 2 mln tonna neft olib kiriladi.
O‘zbekneftgaz sentabr oyidan boshlab AI-80 benzini ishlab chiqarishni to‘xtatishni rejalashtirmoqda. 2026-yildan e’tiboran faqat yuqori oktanli AI-92 va AI-95 avtobenzinlari sotuvga chiqariladi.
Fevral oyida prezident 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash, aholini “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i” bilan ta’minlash uchun “barcha kuch va vositalarni safarbar etish” to‘g‘risida ko‘rsatma bergan edi.