Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlarini tasdiqlagani haqida yozgandi. Respublikada maxsus jamg‘arma tashkil etilib, unga import avtomobillar uchun utilizatsiya yig‘imining 5%i o‘tkaziladi.
Prezident qarorida 2026-yil oxirigacha respublika uchun belgilangan rivojlanish maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ham kiritilgan. Bu vaqtga kelib, YHMning o‘sish sur’atlarini yillik 6−6,5%ga, sanoat ishlab chiqarish hajmini 5−6% ga yetkazish rejalashtirilgan.
Xususan, davlat rahbari Beruniy tumanida sanoatni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyiha ofisi tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Qo‘ng‘irotdagi loyiha ofisi bilan birga unga faoliyatini rivojlantirish uchun qo‘shimcha 20 mlrd so‘m ajratiladi.
Shuningdek, yangi erkin iqtisodiy hududni yaratish uchun chet ellik maslahat kompaniyasini jalb etish ko‘zda tutilmoqda. Loyihaning texnik topshirig‘ida kamida to‘rtta xorijiy sarmoyadorning ishtiroki nazarda tutilishi shart.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda Geologiya vazirligi qoshidagi Yer qa’ridan foydalanish markazining alohida boshqarmasi tashkil etilmoqda. U foydali qazilmalarni qazib olish uchun istiqbolli maydonlar ro‘yxatini tuzib, ularni savdoga qo‘yadi. Norudali qazilmalarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘ygan kompaniyalar maydonlarni o‘zlashtirish huquqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yana bir loyiha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qoshidagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan G‘uzor-Beyneu (A380) avtomobil yo‘li bo‘ylab uchta servis hududini barpo etishni ko‘zda tutadi. Tayyor holda qurilgan inshootlar 2026-yil boshigacha auksion orqali tadbirkorlarga topshiriladi.
Logistikani rivojlantirish maqsadida Qozog‘iston bilan Qizilo‘rda-Taxtako‘pir avtomobil yo‘lini qurish, Turkmaniston bilan esa Xo‘jayli-Dashoguz chegara o‘tish punktini ochish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha takliflarni noyabr oyi oxirigacha taqdim etish kerak.
Shu muddatda Urganch-Nukus-Qo‘ng‘irot yo‘nalishida elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hukumatga takliflar kiritish vazifasi topshirildi. Bu chora turizmni rivojlantirishga turtki bo‘lishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, prezident Qoraqalpog‘istonda “yashil” energiya manbalaridan foydalangan holda mayning uchun maxsus zona tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Unda elektr energiyasi uchun alohida tariflar amal qiladi.
Avvalroq Spot ACWA Power Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasini qurish uchun $280 mln jalb qilgani haqida yozgandi.