Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Toshkentda qurib bitkazilgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shaharcha qurilishiga 2022-yil 9-noyabrda tamal toshi qo‘yilgan edi. Hozirga kelib 100 gektardan ziyod maydonda majmua qad rostladi.
Qariyb $290 mlnlik ushbu loyiha CAMC Engineering kompaniyasi tomonidan xalqaro talablarga muvofiq amalga oshirildi. Shaharchada 5 ta asosiy sport majmuasi joylashgan.
Xususan, O‘zbekiston birinchisi hisoblangan Velodrom murakkab muhandislik yechimlari asosida, o‘ziga xos dizaynda qurilgan. Uning yog‘och qoplamasi sifati, trayektoriyasi va burilish burchaklari
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi talablariga javob beradi. Jumladan, yo‘lak eng mustahkam daraxtlardan yasalgan, qavatma-qavat yotqizilgan. Bu sifat muntazam saqlanishi uchun velodromda yil davomida bir xil harorat taʼminlanadi. Velosportchilarga havo qarshiligigacha inobatga olingan.
O‘rindiqlar 2 200 kishiga mo‘ljallangan. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining yangi talabi bo‘yicha tomosha joylariga himoya to‘sig‘i o‘rnatilgan. Shuningdek, majmua ko‘p funksiyali bo‘lib, bu yerda stol tennisi, qilichbozlik bo‘yicha musobaqa va mashg‘ulotlar o‘tkazish ham mumkin.
Mutasaddilarga hududlarda sharoit yaratib, velosportni rivojlantirish bo‘yicha dastur tayyorlash vazifasi qo‘yildi.
Prezident stol tennisi hammabop, arzon va qulay sport ekanini taʼkidlab, har bir maktab va mahallada uni ommalashtirish, anjomlarini ishlab chiqarish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Shaharcha markazida 12 ming o‘rinli stadion joylashgan. Yashil maydon va 9 qatorli yugurish yo‘lagida yengil atletikaning 48 ta yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Boshqa paytlarda stadiondan mahalliy o‘quv-yig‘inlar, amaliy mashg‘ulotlar orqali dual taʼlimda foydalaniladi.
Stadiondagi to‘rt qavatli binoda terma jamoalar mutaxassislari va sport federatsiyalari faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, viloyatlardagi stadionlar rekonstruksiya qilinib, yengil atletika uchun sharoitlar yaxshilanadi.
Ulkan suv sporti saroyida 25×50 metrli suzish va 25×20 metrli suvga sakrash havzalari, mashg‘ulotlar uchun basseyn va trenajyor zallari bor. Bu yerda suzish, suvga sakrash, sinxron suzish, suv polosi bo‘yicha qitʼa va jahon chempionatlari, Olimpiya dasturidagi nufuzli musobaqalarni tashkil etish imkoniyati bor. Ularni 2 mingdan ziyod muxlislar tomosha qilishi mumkin.
Jamoaviy va yakkakurash sport turlari majmualari ham xalqaro talablar darajasida bunyod etilgan. Ularning har biri uch qavatli, 2 ming o‘rinli. Yakkakurashlar majmuasi dzyudo, boks, taekvondo kabi sport turlarini rivojlantirishga asos bo‘ladi.
Olimpiya shaharchasida futbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey, yengil atletika kabilar bo‘yicha 15 ta ochiq maydon ham barpo etildi. Bundan tashqari, 400 o‘rinli paralimpiya yotoqxonasi, sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi qurilishi yakuniy bosqichda.
Shaharchadagi barcha inshootlar energiya tejamkor bo‘ladi. Avtoturargohlar ustida quyosh panellari o‘rnatiladi.
Avvalroq, Spot Yangi Toshkentning birinchi metro liniyasi qurilishi 2026-yil oxirigacha yakunlanishi haqida yozgan edi. Turkiya kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha qiymati $110 mlnni tashkil etib, uning doirasida 8 km uzunlikdagi 3 ta bekatdan iborat metro quriladi.