Microsoft yaqinda Windows 11 uchun yangi majburiy xavfsizlik yangilanmasini chiqardi va unda ko‘plab xatolarni bartaraf etdi.
Biroq, kompaniya o‘z an’analariga sodiq qolgan holda, foydalanuvchilar uchun yangi muammolarni ham keltirib chiqardi.
Bu safar yangilanma 50 Gb dan ortiq hajmdagi ma’lumotlar yozilganda qattiq holatli xotira qurilmalarini ishdan chiqarmoqda.
Wccftech nashri @Necoru_cat foydalanuvchisiga tayanib xabar berishicha, Windows 11 uchun so‘nggi yangilanish noxush nosozlikka duch kelgan.
Gap KB5063878 xavfsizlik tuzatmasi haqida borib, u katta hajmdagi fayllarni xotira qurilmalariga yozishda SSDning noto‘g‘ri ishlashiga sabab bo‘lmoqda. Bu holat Cyberpunk 2077 o‘yinini yangilash jarayonida aniqlangan.
Nosozlik belgilari quyidagicha:
- Dastlab, SSD operatsion tizimdan yo‘qoladi, shu jumladan SMART ishlamay qoladi — faqat buferlangan ma’lumotlar ko‘rsatiladi, lekin ular ham o‘qilmasligi mumkin;
- Kompyuter qayta ishga tushirilgandan so‘ng, qattiq disk mavjud bo‘lmay qoladi.
Foydalanuvchilar tajribasi shuni ko‘rsatdiki, Windows 11 tizimini yangilash asosan quyidagi brendlarga tegishli qattiq holatli xotira qurilmalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda:
- Corsair Force MP600;
- Phison PS5012-E12 nazoratchilariga ega SSD’lar;
- KIOXIA EXCERIA PLUS G4;
- Fikwot FN955;
- SanDisk Extreme PRO M.2 NVMe 3D SSD.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qattiq disklarning ishdan chiqishi xotira drayverining noto‘g‘ri ishlashi yoki tizim yadrosi darajasidagi regressiya sababli sodir bo‘ladi.
Uzoq davomli ketma-ket yozuvni noto‘g‘ri qayta ishlash natijasida nosozlik yuz beradi, buning oqibatida disk yo‘qoladi va operatsion tizim uni aniqlay olmaydi.
Avvalroq Spot Windows 11da SI yordamchisi foydalanuvchi so‘roviga ko‘ra sozlamalarni o‘zi o‘zgartirishi haqida yozgandi.
Bunda o‘rnatilgan sun’iy intellekt foydalanuvchining ovozli yoki matnli so‘roviga asosan tizim parametrlarini mustaqil ravishda o‘zgartira oladi.