Afrosiyob tezyurar poyezdlarining har bir vagonida Wi-Fi xizmati ishga tushirildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, tarmoqqa ulanish orqali yo‘lovchilar bir qator imkoniyatlardan foydalana oladi. Jumladan, ichki media-portalga kirish imkoniyati mavjud. Bunda sayohat davomida filmlar tomosha qilish, musiqa tinglash va turli kontentlardan ko‘rish mumkin.

Shuningdek, dastlabki 30 daqiqa davomida internetdan bepul foydalanish mumkin bo‘ladi.

“Sizga kerakli bo‘lgan narsa — poyezddagi Wi-Fi tarmog‘ini tanlash va qulayligingiz uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanish, xolos. Tarmoq allaqachon Afrosiyob poyezdlarining har bir vagonida va uning barcha yo‘nalishlarida ishlab turibdi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Transport vazirligiga poyezdlar ichiga qo‘shimcha uskuna qo‘yishga tegishli ruxsatlarni olishga yordam bergani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Vazir, shuningdek, kelgusida xarid qilinadigan yangi poyezdlar boshidan ichidagi tegishli telekommunikatsiya uskunalari bilan olinishiga umid bildirgan. “Tez harakatlanadigan va metal ko‘p ishlatilgan vagonlarda tashqaridagi aloqa signallari abonentlarga yetib borishida muammo bo‘ladi, shuning uchun ularning ichida tegishli qurilma o‘rnatilishi shart”, deb yozadi Shermatov.

Avvalroq Xitoy kompaniyasi Toshkent-Samarqand temir yo‘l liniyasi qurilishida qatnashishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Tianjin Rail Transit Group O‘zbekistondagi mavjud metro liniyalarini rekonstruksiya qilishga qiziqish bildirmoqda.