Tommy Hilfiger brendidan foydalanib, kontrafakt mahsulotlarni sotuvga taklif etayotgan korxona aniqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, vazirlik tomonidan Niderlandiyaning Tommy Hilfiger Licensing B.V. kompaniyasiga tegishli Tommy Hilfiger tovar belgisiga bo‘lgan huquqlari P.B. korxonasi tomonidan buzilayotganligi to‘g‘risidagi murojaat ko‘rib chiqildi.

O‘tkazilgan tekshiruv natijasida korxona tomonidan ushbu tovar belgisiga o‘xshash bo‘lgan belgilardan foydalangan holda ishlab chiqarilgan kontrafakt trikotaj mahsulotlar sotuvga taklif etilayotganligi aniqlandi.

Holat bo‘yicha vazirlik tomonidan korxonaga nisbatan tegishli ta‘sir chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, kontrafakt kiyim-kechak mahsulotlaridan Tommy Hilfiger tovar belgilarini olib tashlash, buning imkoni bo‘lmagan taqdirda, tegishli tovarlarni yo‘q qilish majburiyati yuklandi.

Avvalroq Zodac va Edem dori vositalarining kontrafakt nusxalari aniqlangani haqida xabar berilgandi.