Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga yondosh qurilgan zamonaviy mehmonxonalar majmuasini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

8 gektardan ziyod maydonda 12 ta zamonaviy mehmonxona, 375 o‘rinli Yangi Toshkent konferensiya zali, 310 o‘rinli restoran, sog‘lomlashtirish markazi hamda ochiq sport maydoni barpo etilgan.

Mehmonxonalarga Qoraqalpog‘iston va viloyatlar nomi berilgan. Ular 3 yulduzli bo‘lib, 5 qavatdan iborat, 62 ta xona va 124 o‘ringa ega. Majmua yagona konsepsiya asosida faoliyat yuritadi va uning boshqaruvi xalqaro tajribaga ega Leo Hospitality Solutions, Radisson Individuals, Trademark Collection by Wyndham kabi nufuzli kompaniyalarga topshiriladi.

Xususiy banklar shu kabi majmualar boshqaruviga sherik bo‘lib kirish taklifini bildirdi. Davlat rahbari xizmat sohalari kengayishi, joylarda zamonaviy maskanlar ko‘payishi aholi farovonligiga hissa qo‘shishini taʼkidladi.

Mehmonxonalar restoran, anjumanlar zali va dam olish maskanlari bilan uyg‘un qurilgani bois bu yerda yuqori darajadagi tadbirlar hamda yirik xalqaro anjumanlar o‘tkazilishi ham mumkin.

Majmuada 540 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga o‘rtacha 55 ming turistga xizmat ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari majmuada xizmat turlarini ko‘paytirish va sifatini oshirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etish masalalariga eʼtibor qaratdi. Bunday ko‘p tarmoqli xizmatlarni boshqa hududlarda ham keng yo‘lga qo‘yish muhimligi taʼkidlandi.

Toshkentdagi International mehmonxonasi Rossiyaning Azimut Hotels tarmog‘i boshqaruviga berilishi haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, Toshkent aeroportining uchib ketish zalida yangi kapsulali mehmonxona ochilgani haqida yozgan edi.