AQShda soxta Labubu o‘yinchoqlari xavfi haqida ogohlantirish berildi. Bu haqda NBS News nashri yozmoqda.
Iste’mol tovarlari xavfsizligi bo‘yicha komissiyasi ma’lum qilishicha, qalbaki qo‘g‘irchoqlar bolalar salomatligi uchun xavf tug‘diradi va bo‘g‘ilish xavfini keltirib chiqaradi.
Internetda Lafufu nomi bilan mashhur bo‘lgan soxta qo‘g‘irchoqlar, asl Labubu — ko‘pincha yopiq qutilarda sotiladigan kichik yumshoq o‘yinchoqlarning ommalashuvi bilan bir vaqtda bozorda paydo bo‘la boshladi.
Ijtimoiy tarmoqlar o‘yinchoqlarni ochish videolari bilan to‘lib ketdi va haqiqiy Labubuga bo‘lgan talab oshgani sababli, qalbaki mahsulotlar taklifi ham ko‘payib ketdi.
https://twitter.com/Honeybee_Hwangi/status/1957509295295304125
Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, sifatsiz o‘yinchoqlar osongina mayda qismlarga bo‘linib ketadi va bola ularni og‘ziga tiqib qo‘yishi mumkin, bu esa bo‘g‘ilish xavfini tug‘diradi.
Rasmiylar federal me’yorlarni buzgani uchun minglab qalbaki qo‘g‘irchoqlarni olib qo‘yishni talab qilishdi. Komissiya ota-onalar o‘yinchoqlarni faqat ishonchli sotuvchilardan sotib olishlari va yorliqlarga e’tibor berishlari kerakligini ta’kidladi: original Pop Mart qo‘g‘irchoqlarida ishlab chiqaruvchining nomi yozilgan golografik stiker va oyoqlaridan birida UV-shtamp mavjud.
Komissiya o‘yinchoqning haddan tashqari past narxi ham sotuvchining ishonchsizligi haqida signal bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi va ota-onalarni qadoqda bo‘g‘ilish xavfi haqida ogohlantirishlar bor-yo‘qligini doimo tekshirishga chaqirdi.
Avvalroq Spot o‘zbekistonliklar Uzum Market’dan Labubu xarid qilish uchun $110 ming sarflashgani haqida yozgandi.
Marketpleysda birinchi o‘yinchoqlar may oyida paydo bo‘lgan va hozirda eng mashhur Labubu modeli allaqachon 900 dan ortiq buyurtmalarga ega.