Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlangani haqida xabar berilgandi. Uchrashuvda 2025-yili banklar tadbirkorlik loyihalari uchun $6 mlrd resurs olib kelayotgani aytildi.
Banklar kelgusi yilda aynan kichik va o‘rta tadbirkorlikni maqsadli qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shartlarda alohida $1 mlrd resurs jalb qiladi. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi “chempion tadbirkor"larni ko‘paytirish uchun bank orqali loyihalarga 10 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beradi.
Ishlab chiqarish, servis, “yashil” iqtisodiyot loyihalari uchun 500 mln so‘mgacha tijorat kreditlari kompaniya tomonidan qayta moliyalashtiriladi. Natijada har yili 100 mingdan ziyod tadbirkorlar oladigan kredit foizi 6% gacha pasayadi.
Avvalgi krediti bo‘yicha kompaniyadan kafillik olib, to‘lovni vaqtida qilgan tadbirkorlarga yangi kreditlar uchun kafillik miqdori 1,5 karra oshiriladi. Endi yirik tadbirkorlar ham kompaniyadan 10 mlrd so‘mgacha kafillik olishi mumkin bo‘ladi.
Skoring tizimi soddalashgani uchun 100 mingga yaqin tadbirkor bankdan yangi kredit olib, faoliyatini kengaytirdi. Hozirda kredit tarixi “o‘rtacha”, lekin ko‘mak berilsa, tez o‘sish imkoniga ega yana 500 ming mijoz bor.
Endilikda kredit berishda skoring tizimi tadbirkorlarning soliq va kommunal to‘lov intizomi, rasmiy aylanmasi, eksport operatsiyalari kabi maʼlumotlarni ham inobatga oladi.
Shu bilan birga, kelgusi yildan muqobil skoring modeli ishga tushirilib, kredit berish shartlari osonlashtiriladi.
Avvalroq Markaziy bank mijozlar bilan munosabatlar sohasida banklar faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablarga o‘zgartirishlar kiritish loyihasini ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi.