Qoraqalpog‘istonda bugundan jamoat transportida yo‘lkira narxi oshdi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi qarorida ma’lum qilingan.
Qaror 2025-yil 20-avgust kuni e’lon qilindi va darhol kuchga kirgan.
Bitta yo‘lovchi uchun avtobusda yo‘lkira narxi naqd pul bilan to‘langanda 2600 so‘mni tashkil etadi. Transport kartalari, ATTO tizimi yoki bank kartalaridan foydalanuvchi yo‘lovchilar bir sayohat uchun 2000 so‘m to‘laydilar.
Bundan tashqari, shahar ichi, shahar atrofi, tuman markazidan boshlanuvchi shaharlararo yo‘nalishli taksi yo‘nalishida 5 km gacha bir martalik yo‘lovchilarni tashish xizmati tarif (QQS bilan) 3000 so‘m miqdorida belgilanmoqda.
Shuningdek, qaror bilan oddiy yo‘lovchilar, talaba va nogironlar uchun ham tariflar belgilandi.
Avtobusda yurish oddiy yo‘lovchilar uchun oyiga 200 ming so‘mni, yiliga esa 1 mln 642 ming so‘mni tashkil etadi. Pensioner, nogiron, talaba va o‘quvchilar uchun bu miqdor mos ravishda 100 ming va 912 ming so‘mni tashkil qiladi.
Avvalroq Spot Toshkentda tungi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida yozgandi.
Poytaxt transport bosh boshqarmasi jami 15 ta yo‘nalish bo‘yicha tungi avtobuslar harakatini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Ular soat 22:00 dan 06:00 gacha Toshkentning markaziy ko‘chalari bo‘ylab harakatlanadi.