Rossiyada umumiy ovqatlanish va qurilishda chet elliklarni yollashni keskin cheklash taklif qilindi. Tegishli qaror loyihasi Rossiya Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan regulation.gov.ru portalida e’lon qilindi.
Mehnat vazirligi hukumatga 2026-yilga kelib ish beruvchilarning iqtisodiyotning bir qator sohalarida chet ellik ishchilarni yollash imkoniyatini kamaytirish taklifini kiritmoqda.
Kommersant nashri ma’lum qilishicha, gap hukumat tomonidan har yili belgilanadigan tashkilotlardagi xodimlarning umumiy soniga nisbatan mehnat migrantlarining ruxsat etilgan ulushi haqida bormoqda.
Bu chora-tadbirlar mehnat bozorining mintaqaviy xususiyatlarini va rossiyalik fuqarolarni ish bilan ta’minlashning ustuvorligini hisobga olgan holda chet ellik ishchi kuchini jalb qilishni tartibga solish imkonini beradi.
Ilgari chet elliklarni jalb qilish bo‘yicha cheklovlar bo‘lmagan umumiy ovqatlanish sohasida maksimal qisqartirish kutilmoqda. Qaror loyihasiga ko‘ra, mehnat migrantlari ulushi ish o‘rinlarining yarmi bilan cheklanishi mumkin. Qurilish sohasida xorijiy ishchilar ulushini 80% dan 50% ga tushirish taklif etildi.
Ixtisoslashtirilgan do‘konlarda alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlari chakana savdosida chet elliklar uchun ruxsat etilgan kvota 15% dan 0% ga tushirilishi mumkin. Kommersantning yozishicha, bu aslida rossiyalik ish beruvchilarga mehnat muhojirlarini jalb qilishni taqiqlashni anglatadi.
Sabzavot yetishtirish, yog‘och va yog‘och materiallari ulgurji savdosi, yog‘och-taxta materiallari ulgurji savdosi, o‘rmonchilik va yog‘och tayyorlash, yog‘ochni qayta ishlash va undan buyumlar ishlab chiqarish kabi sohalarda xorijiy ishchilarning maksimal ulushini 50% dan 40% ga tushirish taklif etildi.
Bundan tashqari, Mehnat vazirligi Rossiyaning 29 ta hududida ishga qabul qilishning mintaqaviy xususiyatlarini o‘rnatishni taklif etdi. Ularning 14 tasida ayrim faoliyat turlarida chet ellik ishchilarning ruxsat etilgan ulushi federal ko‘rsatkichlardan past bo‘lishi mumkin.
“Ehtimol, biz O‘rta Osiyodan migratsiyani to‘xtatish va parallel ravishda uzoq xorijdan ishchilar oqimini ko‘paytirishga urinishni ko‘rmoqdamiz”, — dedi Rossiya Fanlar akademiyasi Ijtimoiy tahlil va prognozlash instituti yetakchi ilmiy xodimi Yuliya Florinskaya.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hududlarining yarmigacha chet ellik ishchilarni yollash bo‘yicha mahalliy cheklovlar joriy etilgan, shuning uchun Mehnat vazirligining qarori ishlarning haqiqiy holatini qayd etadi.
Florinskaya MDH mamlakatlaridan mehnat muhojirlari oqimini ko‘rmayapti, 2026-yilda ularning soni barqaror bo‘lib qolishini va o‘zgarmasligini — 3−3,5 mln kishi darajasida bo‘lishini kutmoqda.
Avvalroq Spot Sankt-Peterburgda migrantlarga kuryerlik qilish taqiqlangani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, taqiq yashirin bandlikka qarshi kurash va mahalliy aholiga ish o‘rinlari yaratish maqsadida joriy etilmoqda.