Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlangani haqida xabar berilgandi. Uchrashuvda 16 ta tumanni jadal rivojlantirishga bu yil jami 1,1 trln so‘m ajratilgani haqida aytildi.

Bunday yondashuvlarni Jahon banki ham eʼtirof etib, $250 mln bermoqda. Kelgusi yilda yana $500 mln hisobiga 30 ta tumanda shunday ishlar amalga oshiriladi. Bu sanoat, servis, qurilish sohalaridagi tadbirkorlarga katta imkoniyat, yuz minglab ish o‘rinlari yaratish uchun sharoit bo‘ladi.

Biznes vakillarida qo‘shimcha joy olishga ehtiyoj borligi ta’kidlandi. Lekin ijara narxi, sharti tez o‘zgarayotgani ularning kelgusi rejalariga taʼsir qilmoqda.

Endilikda davlat obyektlari va yer uchastkalari yillik ijara narxini indeksatsiya qilish inflyatsiya darajasidan oshirilmaydi.

Kelgusi yildan davlat aktivlari besh yilga ijaraga beriladi. Agar ijarachi o‘zi xohlasa yoki majburiyatini bajarmasagina shartnoma bekor bo‘ladi.

1991-yilda qabul qilingan “Ijara to‘g‘risida"gi qonun asosan davlat organlari manfaatini himoya qilishga qaratilgani qayd etildi. Shu bois ijaraga beruvchi va ijarachi huquqlarini birdek himoya qiladigan yangi tahrirdagi qonun ishlab chiqiladi.

Avvalroq davlat ulushi bo‘lmagan korxonalarga eksport qarzdorligi uchun jarima qo‘llashga moratoriy e’lon qilinishi haqida xabar berilgandi.