Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Tadbirkorlar kuni munosabati bilan biznes vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda ko‘chat, mineral o‘g‘it, poyabzal, chorva ozuqasi kabi sanitariya, veterinariya, karantin nazoratida bo‘lgan 32 toifadagi mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikati bekor qilinishi aytildi.
Majburiy sertifikatlanadigan tovarlar ro‘yxati 459 taga qisqartirildi. Ro‘yxat yana 288 taga kamaytiriladi.
Umuman, mahsulotlar xavfsizligi va sifatini taʼminlash hamda uni baholash bilan bog‘liq milliy infratuzilma tubdan isloh qilinib, xalqaro standartlarga moslashtiriladi. Bunda, sertifikatsiya o‘rniga muvofiqlikni deklaratsiyalash amaliyoti keng joriy etiladi.
“Texnik jihatdan tartibga solish tizimi butunlay transformatsiya qilinadi. Mamlakatimizga dunyodagi eng nufuzli xalqaro tan olingan laboratoriyalar kirib kelishi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Endi, mahsulotlar sifati bo‘yicha „bozor nazorati“ tizimiga o‘tamiz. Bundan keyin nazorat obyekti tadbirkor emas, balki bevosita mahsulotni o‘zi bo‘ladi”, — dedi prezident.
Joriy yilning iyul oyida O‘zbekistonda martdan buyon bojxonada qolib ketgan 5 mingdan ortiq vitrinali muzlatgichlar sertifikatlandi. O‘zstandart muvofiqlik deklaratsiyasini joriy etishga o‘tmoqda. Ichimlik ishlab chiqaruvchilar uyushmasi tizimni takomillashtirishni so‘ramoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda import mahsulotlarini sertifikatlashtirish tartibini bekor qilib, bozor nazoratini o‘rnatish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.